Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Svetlana Ortiqova: «Xabar.uz»ga yo‘q deb bo‘lmaydi...»

Svetlana Ortiqova: «Xabar.uz»ga yo‘q deb bo‘lmaydi...»

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Bugun Bosh prokuror o‘rinbosari — Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha idoralararo komissiyasining yangi rahbari Svetlana Ortiqova raisligida mazkur komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergandik.

Yig‘ilishning ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashishi mumkin bo‘lgan qismi nihoyasiga yetib, S.Ortiqova jurnalistlarni Yangi yil bilan tabriklagan holda «xush ko‘rdik» qilayotgan payt «Xabar.uz» maxsus muxbiri savol berishga izn so‘radi. Garchi bugungi tadbir matbuot konferensiyasi emas, balki idoralararo komissiya yig‘lishi ekani, unda ommaviy axborot vositalari hurmat yuzasidan istisno tariqasida taklif etilib, savol-javobning o‘rni bo‘lmasa-da, Svetlana Boymirzayevna (katta rahmat) xodimimizning ra’ini qaytarmadi: «Marhamat, «Xabar.uz»ga yo‘q deb bo‘lmaydi...».

Savol andoq edi: keyingi bir-ikki yil ichida qator davlat amaldorlari jinoiy javobgarlikka tortildi, ularga qo‘yilgan ayblovlar orasida Jinoyat kodeksining 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) ham bor. Ularga oid jinoyat ishlari maxfiylik nuqtai nazaridan yopiq sud majlislarida ko‘rib chiqilgan bo‘lsa-da, qanday jazolarga mustahiq etilgani ommaga oshkor qilindi. Shunday ekan, jinoiy javobgarlikka tortilgan sobiq mansabdorlar noqonuniy ravishda qancha daromad orttirgani va ularga qanday shaklda qonuniy tus berganiga oid axborotlarni ham ommaga oshkor qilish mumkinmasmi?

Bosh prokuror o‘rinbosari avvaliga og‘ir tin oldi. So‘ng og‘riq bilan quyidagi mazmunda javob berdi: «Mas’ul mansabdorlarning jinoiy javobgarlikka tortilishi nafaqat o‘sha amaldor yoki uning yaqinlari, balki mamlakatga ham obro‘ olib keltirmaydi. Afsuski, shunday achchiq tajribani boshdan o‘tkazdik, o‘tkazyapmiz... Raqamlardan, rosti, aql shoshadi. Biroq sobiq amaldorlarga oid jinoyat ishlarida davlat sirlariga doxil o‘rinlar borligi sabab, sudlar yopiq tarzda o‘tkazildi. Shundan kelib chiqilsa, jinoyat ishlariga oid tafsilot va ma’lumotlarni hozircha oshkor qilib bo‘lmaydi. Balki, kun kelib, oshkor qilinar?! Hozircha yo‘q. Va bu qonunga zid emas».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring