Shahar bedarvoza bo‘lmaganidek, yer ham egasiz emas!
Ijtimoiy tarmoqlarda kun-kunaro bong uriladi: falon joyda falonchining uyni buzilmoqda! Kaftday mantga videolavha ilova qilinadi: ularning aksariyatida ayollarning yig‘isi, bolalarning chirqillagani, erkak kishining baqir-chaqirgani aks etadi...
Lavhalardan seskanib tushasiz. Qoldirilayotgan izohlardan ko‘ngil ag‘dariladi. Voqelikni chuqqurroq o‘rgansangiz o‘sha uylar noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan tiklangani, uni buzish to‘g‘risida sud qarori chiqqan bo‘ladi.
Keling, do‘ppini bir chekkaga qo‘yib o‘ylaylik: qonuniy asossiz birovning imoratini buzishga kimning ko‘zi uchib turibdi bugun? Serg‘alva-yu serg‘urbat bunday yumushga kimning bosh qo‘shgisi keladi, deysiz?! Zero, endilikda odamlar anoyi emas, haqqini indamay birovga berib qo‘ymaydi. Ayniqsa, uy-joy masalasida!
Odamlarni uy-joyli qilishga bo‘lgan davlat miqyosida amalga oshirilayotgan ishlarni hamma ko‘rib-bilib turibdi. Keyingi uch yil mobaynida bu borada ozmuncha ish qilindimi? Ozmuncha ishlar qilinmayaptimi?
Ming-minglab yangi uy-joylar barpo etilib, imtiyozli narx va shartlar asosida muhtoj fuqarolarga berilayotgani barchaga ayon. Bu boradagi ishlar to‘xtab qolgani yo‘q, aksincha, izchil davom ettirilmoqda.
2018 yilda davlatchiligimiz tarixida ilk marotaba Prezidentimiz tomonidan fuqarolar manfaatida bir martalik aksiya e’lon qilinib, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga ham ming-minglab fuqarolarning egalik huquqi belgilab berilgani-chi? Bunda qanchalab insonlar ko‘ngliga xotirjamlik indi...
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlardagi fuqarolarning uy-joyi buzilayotganiga oid ayrim lavhalar o‘sha imroatlar qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlarga tiklab olingani ko‘rinadi. Bu o‘zboshimchalikdan boshqa narsa emas. Shahar bedarvoza bo‘lmaganidek, egasiz yerning o‘zi yo‘q. Hammasi davlat zahirasida yoki birorta xo‘jalik yurituvchi sub’yektga (aksariyat holatlarda fermer xo‘jaliklariga) vaqtincha biriktirib berilgan, xolos.
Buziladigan, buzilishi shart bo‘lgan uy-joylar tashlandiq yoki qaqroq joylarga qurilgan bo‘lsayam bir navi, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan-hosildor yerlarga qurilib, bu bilan yer talon-torojligiga yo‘l qo‘ygan fuqarolar bilan qanday murosa qilish mumkin? Holbuki, aksariyat hollarda mahalliy hokimiyat murosa yo‘lini izlayotgani ham bor gap. Biroq shundayam jarayon oson kechayotgani yo‘q...
Bu gaplar osmondan olinmayapti. Sudlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-imoratlarni buzish va egallab olingan yer maydonlarini qaytarish haqidagi ozmuncha ishlar ko‘rilayotgani yo‘q. Joriy yilning o‘tgan ikki oyida 830 ta ana shu toifadagi ko‘rilgan ishlarning 720 tasida da’vo qanoatlantirildi. Mazkur raqamlar o‘zboshimchalik bilan yer maydonlarini egallab olish holatlari mamlakat miqyosida oz emasligi, talon-toroj qilingan yer maydonlarning umumiy hisobi katta-katta maydonlarni, yuzlab gektarlarni tashkil etishini ko‘rsatmoqda.
Yer maydoni, xususan, qishloq xo‘jaligida foydalanadigan yerlar «ustida savdo qilib», shartta pul sanab sotib olinadigan mulk emas.
Imorat qurishdan oldin albatta tegishli tartibda ruxsat olish, shu yer maydonida imorat qurish huquqini qo‘lga kiritish lozim (Yer uchastkasini olish, imorat barpo etish tartib-tamoyillari amaldagi O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksida o‘z aksini topgan).
O‘zboshimchalik bilan imorat qurib olgan aksariyat fuqarolar qonun talabini bilmaganligini vaj qilib, suddan qurgan imoratini buzmaslikni, aksincha qonuniylashtirib olishda yordam berishni so‘rab murojaat qilayotgan holatlar ko‘plab uchraydi.
Vaholanki, amaldagi qonunchilik talabini bilmaslik — qonunni buzgan fuqaroga biron-bir imtiyoz keltirib chiqarmaydi.
Shuningdek, noqonuniy ravishda qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer maydonida qurilgan imoratlarga mulk huquqini belgilashga qonunchilik yo‘l qo‘ymaydi.
Qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan hosildor yerlarning talon-toroj qilinishiga o‘ziga yer vaqtincha ijaraga berilgan ayrim fermerlar yoki ayrim mahalliy mutasaddilar sabab bo‘lgan holatlar ham mavjud bo‘lib, bu amaldagi yer qonunchiligi talabini ko‘r-ko‘rona buzish ham nafs ovoragarchiligidan iborat achinarli holatdir.
Yuqorida 830ta da’vo-arizaning 720tasi qanoatlantirilganini aytdik. Sud qaroridan barcha birdek mamnun bo‘lmasligi ayon haqiqat. Chunki, hamma o‘zini haq deb hisoblaydi. Kim sud qaroridan norozi bo‘lsa, e’tirozlarini belgilangan tartibda shikoyat qilish bilan ifodalashida muammo yo‘q. Illo, sud qaroriga norozilik sifatida omma e’tiborini jalb qiladigan turli harakatlar sodir etish bilan masalani o‘z foydasiga hal etishga urinishni hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi.
Ayrim holatlarda oilaviy ahvolini hisobga olgan holda joydagi mutasaddilar tomonidan boshqa joydan uy yoki yer maydoni ajratish taklifni rad etilayotgani ham o‘ta o‘rinsizdir. Buni o‘z manfaatini amaldagi qonunlar va boshqalar manfaatidan ustun qo‘yish deb tushunish mumkin. Ana shu fuqarolarimiz tarozining bir pallasida o‘zining noqonuniy harakati va shaxsiy manfaati, tarozining ikkinchi pallasida esa butun elning manfaati turganlarini tushunishlari lozim.
Yoddan chiqarmaylik: Asosiy Qonunimiz — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga ko‘ra: «Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simliklar va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir».
Qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlarning o‘zboshimchalik bilan egallanishi – jamiyatimiz a’zolari, yoshu-qari barchaning manfaatiga zid – noqonuniy harakat bo‘lib, barchamizning yeb-ichishimiz, kiyinishimiz shu yer orqasidan ekani, shuningdek ekin ekib hosil olish mumkin bo‘lgan yerlarda kelajak avlodning ham haqqi borligi, uni avaylab asrashga barchamiz birday burchli ekanligimizni unutmasligimiz lozim.
Xolmo‘min Yodgorov,
Oliy sud raisining o‘rinbosari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter