Qidiruvdagi alimentchi topilgach, naqd 75 mln. so‘m sanab berdi
«Men mardman! Bittada to‘layman!»
Qo‘lga tushgandan keyin qilinadigan bunaqa «jo‘mardlik»ning quvvati qoladimi? Xo‘p, shunaqa mard ekansan, panada yashirinib yurishga balo bormidi, devorasan-da.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudi qaroriga ko‘ra (2017-yil 26-yanvar) sho‘rchilik U. A. zimmasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lash belgilangandi.
Sud hujjati qonuniy kuchga kirib, ijroga — Majburiy ijro byurosining Sho‘rchi tuman bo‘limiga o‘tganidan keyin otaginaning izi yo‘qolsami?! Bo‘lim xodimlari uyiga keldi, mahallasidan surishtirdi: yo‘q, yo‘q... Natijada unga nisbatan qidiruv qarori qabul qilinishdan boshqa chora qolmadi.
Rasmiy qidiruv e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay U. A.ning qayerda ekani aniqlanib, davlat ijrochilariga topshirildi. Davlat ijrochilari unga aliment qarzdorligini hisoblab, to‘lab qo‘yish shartligini, aks holda to‘plangan hujjatlar sudga oshirilib, 15 sutka «o‘tirishi» mumkinligini yaxshilab tushuntirdilar.
«Men mardman! Bittada to‘layman hammasini!» dedi qarzdor ota.
Juda yaxshi. Qani, harakatingizni boshlang...
Qarzdor U.A. sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishdi. Farzandining voyaga yetgunga qadar bo‘lgan jami aliment miqdorini hisoblab, bittada to‘ladi: 75 million so‘m!
Qutildimi? Albatta.
Farzandi oldidagi ma’naviy qarzdorlik-chi? Bu endi uning o‘ziga tan.
Insofini bersin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter