Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokuror, tergovchi, advokat va boshqalar pora bilan qo‘lga tushdi

Prokuror, tergovchi, advokat va boshqalar pora bilan qo‘lga tushdi

Videodan skrinshot

Davlat xavfsizlik xizmati huquq organlarida ishlovchi va boshqa ayrim shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgani haqida xabar berdi.

Jizzax viloyati prokuraturasining bo‘lim prokurori Jizzax shahrida yashovchi, 1975-yilda tug‘ilgan fuqaroga uning muqaddam Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan sudlanganlik holatini o‘zining vakolatli hamkasbi orqali olib tashlashni va’da qilib, evaziga 1000 dollar va 1 dona Samsung Galaxy S24 Ultra rusumli telefon apparatini olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkent shahar Yakkasaroy tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi va ikki nafar surishtiruvchisi o‘zaro til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, bo‘lim ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik hamda uning harakatlarini Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismidan 276-moddasining 2-qismi “a” bandiga qayta malakalash evaziga, ayblanuvchining tanishi Q.O. orqali 7 ming dollar olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ushlangan.

Toshkent shahrida yashovchi, 1967 va 1970-yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ikki nafar shaxs 1980 yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, unga nisbatan IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituvidagi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini prokuratura organlaridagi tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish va “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik evaziga 50 ming dollar talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgarlardan biri, ya’ni, 1970-yilda tug‘ilgan shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlangan. Hozirda ularning prokuratura tizimidagi tanishlarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Namangan shahridagi advokatlar hay’ati advokati viloyat IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 168 va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilib, hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida ko‘rib chiqilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga nisbatan sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishiga yordam berish evaziga 10 ming dollar talab qilib, 8 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Advokat muqaddam Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi bilan sudlangan shaxs hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring