Ombudsmanga yangi o‘rinbosar – u Tergov hibsxonalari va ozodlikdan mahrum etish joylarida inson huquqlarini ta’minlashga mas’ul hisoblanadi
Regulation.gov.uz portalida Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida surishtiruv va dastlabki tergov organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi e’lon qilindi.
Hujjatda alohida qayd etiladiki, o‘tgan yillar davomida mamlakatimizda surishtiruv va tergov faoliyatini takomillashtirish, jinoiy ta’qibni amalga oshirish jarayonida insonparvarlik prinsiplariga asoslangan holda hech bir shaxsning huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga hamda sodir etmagan qilmishi uchun nohaq javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Biroq surishtiruv va tergov amaliyoti tahlili jinoiy ta’qibni amalga oshiruvchi organlarining faoliyati samaradorligiga to‘sqinlik qilayotgan, jinoyatlarni fosh etishga ko‘maklashuvchi organlarning xolisligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan tizimli muammo va kamchiliklar ham mavjud.
Mavjud muammo va kamchiliklarni bartarf etish maqsadida farmon bilan «O‘zbekiston Respublikasida surishtiruv va dastlabki tergov organlarining faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi» tasdiqlash taklif etilmoqda. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sud ekspertizasi markazi va uning hududiy filiallarini tashkil etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ekspertiza o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlarini (kriminalistika vakolatlari bundan mustasno) ushbu markazga berish ham ko‘zda tutiladi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Davlat xavfsizlik xizmati zimmasiga 2021 yilning 1 yanvariga qadar Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda:
- jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni qayd etish tartibini elektron tizimga o‘tkazish, shu jumladan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan materiallarning yagona hisobini yuritish tizimini yaratish;
- tergovchilarning xonalarini videokuzatuv vositalari bilan jihozlash;
- bedarak yo‘qolgan, shaxsi noma’lum murdalar hamda qidiruvdagi shaxslar haqidagi ma’lumotlar almashinuvi tizimini yaratish maqsadida Yagona elektron dasturni ishlab chiqish choralari ko‘rish vazifasi yuklatilmoqda.
Loyihaning muhim nuqtalaridan biri – Mahkumlar va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari – Tergov hibsxonalari va ozodlikdan mahrum etish joylarida inson huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etiladi. Bu boradagi vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) kotibiyati tuzilmasiga 16 ta qo‘shimcha shtat birligi ajratiladi.
Shuningdek, loyihada prokuratura, davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlarida belgilangan shtatlar jadvali doirasida «tergovchi-yordamchi» lavozimini joriy etish ham nazarda tutilmoqda. Ushbu lavozimga ta’lim muassasini tugatgach mazkur organlarga ilk bor xizmatga qabul qilingan xodimlar tayinlanadi hamda bir yil davomida xizmat olib boradi. Mustaqil tergovchi sifatida tayinlanishida xodimning «tergovchi-yordamchi» lavozimida faoliyat yuritgani birinchi navbatda inobatga olinadi. E’tiborlisi – birinchi marotaba mustaqil tergovchi lavozimiga tayinlangan shaxsni uch yil davomida boshqa sohaviy yo‘nalishlarga, shu jumladan yuqori tergov organlariga tergovchi lavozimlariga xizmatga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Farmon loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar «Surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuni loyihasini ishlab chiqishi va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritishi masalasi ham o‘rin olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter