Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ombudsman boshchiligidagi ekspert guruhi tarbiya koloniyasiga borishdi

Ombudsman boshchiligidagi ekspert guruhi tarbiya koloniyasiga borishdi

Foto: Ombudsman matbuot xizmati

Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida jamoatchilik vakillari hamda OAV bilan birgalikda muntazam ravishda jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarga inson huquqlarining ta’minlanishi monitoring tashriflari amalga oshirib kelinmoqda.

Navbatdagi monitoring joriy yilning 4-mart kuni Toshkent viloyatidagi 24-son tarbiya koloniyasiga uyushtirildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2020 yilda mazkur muassasaga o‘tkazilgan monitoringda, uzoq muddatli uchrashuv xonalari ta’mirlanayotgani sababli qo‘shimcha tavsiyalar bildirilgan edi. Shuning uchun, Ekspert guruhi a’zolari dastlab, voyaga yetmagan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan muassasadagi qisqa muddatli va uzoq muddatli uchrashuv xonalari hamda telefon so‘zlashuv xonalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Ombudsman hamda Ekspert guruhi a’zolari yangi ta’mirdan chiqqan uchrashuv xonalarni ko‘zdan kechirar ekan, maishiy-yashash sharoitlari belgilangan gigiyena va sanitariya qoidalariga mosligiga e’tibor qaratdi.

Monitoring davomida oshxona va voyaga yetmagan mahkumlarga ovqat tayyorlash jarayoni bilan tanishildi hamda oziq-ovqat ta’minoti me’yorlariga amal qilinayotganligini o‘rganish maqsadida taomnoma menyusi hamda oziq ovqat mahsulotlarini saqlash joylari ko‘zdan kechirildi.

Tibbiyot bo‘limi va voyaga yetmagan mahkumlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati bilan tanishish davomida karonavirus infeksiyasi bilan zararlanish xavfi hali hamon saqlanib qolinayotgani sababli, ajratilishi zarur bo‘lgan dori-darmonlar ta’minoti va ularning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha tavsiya qilingan protokollarga mosligi tekshirildi.

Qonunchilikka ko‘ra, muassasa ma’muriyati mahkumlarga ular ta’lim olishi va mustaqil kasb o‘rganishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sharoitlar yaratib berishi kerak. Shu nuqtai nazardan, voyaga yetmagan mahkumlar uchun o‘qishni tashkil etish jarayoni, kasbga o‘qitish maktabi, kutubxona, sport maydonchalari va boshqa ob’yektlar o‘rganildi.

– Muassasada bugun 53 nafar voyaga yetmagan mahkum tarbiyalanmoqda, – deydi Toshkent viloyati IIBB PvaJIEB 24-sonli tarbiya koloniyasi boshlig‘i, podpolkovnik Shoira Adilova. – Bu yerda mahkumlarning yashashi, ta’lim olishi va kasb-hunarga yo‘naltirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, tibbiyot bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, 200 o‘ringa mo‘ljallangan maktab va kasb-hunarga o‘rgatish maktabi, 4 minga yaqin kitob fondiga ega kutubxona mavjud. Shuningdek, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun amfiteatr, sport bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoit bor.

– Men yoshlik qilib jinoyat ko‘chasiga kirib qoldim, – deydi bekobodlik Akrom (ismi shartli ravishda o‘zgartirilgan) – Hozirda 17 yoshdaman. Oilada uch nafar farzandmiz. Singlim va ukam bor. Albatta, qilgan ishimdan pushaymonman. Bu yerga kelganimga endi to‘rt oy bo‘ldi. Muassasada ko‘rib turganingizdek, kasb o‘rganish va o‘qish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Eng asosiysi, bu yerda o‘qishdan tashqari kasb ham o‘rganayapman. Kasb-hunarga o‘qitish maktabida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash to‘garagiga qatnashaman. Tarbiya koloniyasi rahbariyati, xodimlarining munosabati yaxshi. Ota-onam, ukalarim bilan tez-tez ko‘rishib, gaplashib turaman. Bunga hech qanday to‘siq yo‘q. Joriy yilda o‘zim tanlagan yo‘nalish bo‘yicha oliy o‘quv yurtiga hujjat topshiraman. Kelajakda vatanimga, xalqimizga foydasi tegadigan kasb egasi bo‘lib, ota-onamni yuzini yorug‘ qilaman.

O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli muassasa rahbariga zaruriy tavsiyalar berildi.

Ombudsman hamda uning huzurida jamoatchilik vakillaridan iborat bo‘lgan Ekspert guruhi tomonidan jazoni o‘tash muassasalari va tergov hibsxonalarida monitoringlar tizimli davom ettiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring