Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namangan. Prokuratura va mahalliy kengash «jangi» viloyat darajasiga chiqmoqda!

Namangan. Prokuratura va mahalliy kengash «jangi» viloyat darajasiga chiqmoqda!

Foto:«Kun.uz»

Ichki ishlar vazirligining «bosar-tusarini bilmay qolgan deputat» haqidagi videolavha ortidan boshlangan bahs-munozara va shov-shuvlar yangi bosqichga ko‘tariladiganga o‘xshaydi.

Yodingizda bor, Namangan shahar kengashi deputati T.M. go‘yoki profilaktika inspektorining telefonini sindirgani, uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan boshqa xodimning pogoni va xizmat ko‘krak nishonini yulib olganiga oid holat bo‘yicha prokuratura Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Shundan so‘ng Namangan shahar prokurori mahalliy kengashga deputatni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga rozilik berish bo‘yicha taqdimnoma kiritadi.

Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi avvaliga (16-aprel) deputatni jinoiy javogarlikka tortishga rozilik bildirgan, biroq taqdimnomaning unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash qismini rad etgandi.

Oradan uch kun o‘tib (19-aprel), mahalliy kengash ayni masalada yana bir yig‘ilish o‘tkazar ekan, unda (kengashning) 16-aprel kungi qarori boshqatdan muhokama etiladi va... bekor qilinadi! Shuningdek, prokurorning taqdimnomasi tamoman rad qilish hamda (prokuraturaga) ichki ishlar xodimlarining o‘ziga qonuniy chora ko‘rishni masalasini hal qilish haqida yangi qaror qabul qiladi.

Voqelar rivojining kutilmaganda keskin o‘zgarib ketishi yaxshigina shov-shuv keltirib chiqargani bor gap. Shu bois ayni paytda bir savol ko‘ndalang turibdi: endi bu yog‘i nima bo‘ladi?

Chamasi, mahalliy kengash va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi ( «deputat ishi»  masalasida) «jang» davom etadiganga o‘xshaydi.

«Xabar.uz» manbasiga ko‘ra, Namangan shahar prokurorining taqdimnomasi mahalliy kengash tomonidan rad qilingach, masalaga viloyat prokuraturasi «bosh qo‘shish»ga tushibdi. Aytilishicha, endi viloyat prokurori deputat masalasida xalq deputatlari Namangan viloyat kengashiga taqdimnoma kiritgan. Buning ajablanarli joyi yo‘q. «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatlari maqomi to‘g‘risida»gi qonunda deputatni daxlsizlik huquqida mahrum qilish tartibi belgilagan. Unga ko‘ra (12-modda): «Xalq deputatlari Kengashining qaroriga rozi bo‘lmagan taqdirda, yuqori turuvchi prokuror tegishincha yuqori Kengashga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qarorni bekor qilish va masalani tegishli xalq deputatlari Kengashi qayta ko‘rib chiqishi uchun topshirish to‘g‘risida taqdimnoma kiritishga haqlidir» .

...Qisqasi, hozircha vaziyat shunday. Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi kiritilgan taqdimnomaga qanday munosabatda bildiradi - hozircha bir nima deyish qiyin.

Voqelar rivojini diqqat bilan kuzatishda davom etamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring