Molingga «chang solingan»da bolang esga tushdimi, nomard?!
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudining 20.09.2011-yildagi ijro varaqasiga asosan S.T.dan sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangandi.
2015-yilga kelib, qarzdorning manzili o‘zgarishi ortidan (u Andijondan Toshkentga ko‘chgan ekan) sud qarori ijrosi taqa-taq to‘xtadi. Xullas, Andijonda besh yil «dam yeb» qolgan mazkur ijro ishi, nihoyat, shu yilning boshida Toshkentga chaqirildi. MIB ijrochilari qarasaki, ishlar «xurjun»: besh yillik aliment pullari yig‘ilib-yig‘ilib, 32 million so‘mga yetay-yetay deb qopti, otaning yonidan yel o‘tmabdi-ya...
Darhol qarzdorning nomidagi mol-mulklarini aniqlashga tushildi.
Azamatning ikki qo‘li tosh orasida emas ekan: «Lasetti»si borligi aniqlandi. Va ushbu avtotransport vositasi xatlanib, jarima maydonchasiga tiqildi.
Oradan bir hafta o‘tgani yo‘q: mashinasi MIB «changaliga» tushgan ota besh yilda yig‘ilib qolgan alimentning uchdan birini (10 million so‘m) to‘lab qo‘ysami?!
Shundan keyin mashina kaliti tutqazvorildimi?
Qolgan gapni MIB Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Marg‘uba Omonovadan eshitamiz: «Nega mashina berib yuborilar ekan? Hecham-da! Qarzdorlik «nol-nol» qilinadi, ana unday keyin «Lasetti» masalasi o‘ylab ko‘riladi. Agar belgilangan vaqtda qarzdorlik bartaraf etilmasa, mashina sotuvga qo‘yiladi...».
- Rostdanmi?
- Bizda hazil yo‘q, muxbir oka....
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter