Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktab o‘quvchisi surxondaryolik nogironlarni chuv tushirdi

Maktab o‘quvchisi surxondaryolik nogironlarni chuv tushirdi

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi Yurtim jamoli mahallasida yashovchi, 23 yoshdagi ikkinchi guruh nogironi Surayyo Nozimova (ism-sharif o‘zgartirildi) Telegram orqali ehson va’da qilgan shaxsning gapiga ishonib, plastik kartasidagi bor pulidan ham ajraldi.

S.Nozimova joriy yil 3 may kuni soat 14.30 da uyali telefonidagi Telegram ijtimoiy tarmog‘idan foydalanib o‘tirganida «Azizchik» nomli Telegram foydalanuvchisi uning hisob raqamiga ehson tariqasida pul o‘tkazib berishini aytib, tegishli bank plastik karta kodlarini yuborishini so‘raydi. Shundan so‘ng u «Xalq banki» ATB tomonidan o‘zining nomiga rasmiylashtirilgan bank plastik karta raqami va plastik karta uchun kelgan SMS kodlarini «Azizchik» nomli Telegram foydalanuvchisiga yuboradi. Bir zumdan so‘ng esa bank plastik kartasidan 4 million 40 ming so‘m miqdoridagi puli yashirin yechib olinganini ilg‘ab qoladi.

Bu haqda tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat etgach, olib borilgan surishtiruv va qidiruv ishlari natijasida «Azizchik»ning shaxsi aniqlanib, jinoyatchi fosh etildi. U Namangan viloyati, Chust tumanidagi Guzar mahallasida yashaydigan 51-o‘rta maktabning 9-sinf o‘quvchisi Erali Abdurahmonov ekani ma’lum bo‘ldi.

Surishtiruv chog‘ida 17 yoshdagi o‘spirinning shu kuni Termiz shahridagi Nilufar mahallasida yashaydigan birinchi guruh nogironi Muhayyo Sohibovaning ham «Aloqabank» ATB tomonidan ochilgan bank plastik kartasidagi 46 ming 854 so‘mini xuddi shunday yo‘l bilan kompyuter tizimi orqali yashirin talon-taroj qilgani aniqlandi.

Sinovli shu kunlarda nogironligi bor shaxslarga «ehson» va’da qilib, ularni chuv tushirgan o‘spiringa nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a,b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.f

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring