Jurnalist «portladi»: sud majlisi qachon vaqtida boshlanadi?
Jinoyat ishlari bo‘yicha (JIB) Toshkent shahar sudida ko‘rilayotgan bir «ish»ni kuzatayotgan jurnalist Malohat Yo‘ldosheva «portladi». Uning ijtimoiy tarmoq orqali ma’lum qilishicha, sudlardagi eski muammo hanuz barham topmagan: ovoragarchilik, sarsongarchilik, jurnalistga «boshqacha ko‘z» bilan qarash...
«...Toshkent shahar sudida bir protsessni jurnalist sifatida kuzatyapman, — deya yozadi jurnalist M. Yo‘ldosheva. — Ishtirok etishimga ruxsat berishdi. Lekin suratga olishga ruxsat yo‘q. Shunisigayam shukur. Hamkasblarimizning sudlar ostonasidan noumid va hayron qaytayotgan holatlar shu kunlardayam ro‘y berib turibdi.
Sud jarayonining ikkinchi kuni Toshkentdan (sud zalidan) turib, viloyatdagi guvoh bilan video orqali bog‘lanildi. Ayrim texnik nosozliklarga qaramay, bu sud faoliyatidagi yutuq.
Eng qizig‘i, sud hay’atiga raislik qiluvchi menga qarab: «Yoningizda sumkangiz bormi?» deb so‘ragani bo‘ldi.
— Ha, — dedim.
— Tashqariga obchiqib qo‘ying. Telefon-chi?
— Bor.
— Uniyam obchiqing.
Telefon masalasi — tushunarli. Biroq sumkaniyam «badarg‘a» qilinishi qiziq. Ha, mayli...
Darvoqe, sud majlisining birinchi kuni haqida.
O‘sha kuni sud majlisi 14:00ga belgilangan edi, adashmasam. Bir soat kolganida protsess 2 kun keyinga qolganini ma’lum qilishdi. Ikki kundan so‘ng soat 12:00da boshlanishi kerak bo‘lgan sud majlisi soat 14:15ga ko‘chirilganini soat 13:10da bildik...
Bir haftalik tanaffusdan keyin esa soat 10:30dagi protsess soat 16:00ga ko‘chirilgani (soat 11:00dan o‘tgan so‘ng!) ma’lum bo‘ldi.
Sudyalar zalga soat 16:45da kirib kelishdi!
Bu nimasi?
Ularniki ish-u, bizniki bekorchilikmi?!
Sud ostonasiga odamlar yaxshi kundan bormaydi-ku?!
Shundoq ham tarang asablarni battar tortishning nima keragi bor?!
Men-ku jurnalist ekanman, sudda qatnashadiganlar-chi?! Ular orasida nogironlar bor, muhtojlar bor. Vaqt, yo‘l, yo‘lkira...
Sud binosi devorimizning orqasida emas-ku?!
Jurnalist hozir bo‘lgan sud protsessida ayrim sudyalarning bezovta bo‘lishi nimasi? Obdon so‘rab-surishtirishi-chi? «Nega aynan shu ishda qatnashyapsiz, boshqasida emas?» deganday...
— Insonga, demakki, uning huquqiga hurmat (u kim bo‘lmasin, hatto mahkum bo‘lsa ham!) samimiy va to‘g‘ri munosabatdan boshlanadi. O‘z tashvishlarini ro‘kach qilib, o‘zganing vaqtini yelga sovurish oddiy odob me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi. Sud mavqei nafaqat alodatli qarorlar chiqarish, balki odamlarni ortiqcha sarson qilmaslik bilan ham ko‘tariladi», — deya so‘zini yakunlaydi jurnalist.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter