Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Faoliyati to‘xtagan ishxona «stiker» olish uchun «ishlab ketdi»!..

Faoliyati to‘xtagan ishxona «stiker» olish uchun «ishlab ketdi»!..

Foto: «Xabar.uz»

Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan qator cheklovlarga ko‘nikish hamma birdek kechmasligi tayin. Ayniqsa, avtotransportlar harakatlarini cheklashga doir tartiblarni-ku mamnuniyat bilan qabul qilganlar kam.

Shundanmi, maxsus ruxsatnoma (stiker)ga ega chiqishning turli yo‘llari axtarishga tushildi. Kimdir «tanka»sini ishga solish payida bo‘ldi, yana birov masalani «soqqa» bilan hal qilish imkoniyatini chamaladi... Chang qo‘nsa yalagudek bo‘ladigan qimmatbaho mashina sohiblari esa go‘yoki «dostavka»da ishlashga «shay» ekanini bildirishgani-chi?!

Navoiylik M.O. (1984-yilda tug‘ilgan) «stiker» masalasida joriy etilgan tartiblardan «lazeyka» qidirayotgan tanishlariga oson imkoniyat taqdim etdi. O‘zi rahbar bo‘lgan «S.K. Navoiy» xususiy korxonasiga (veterinariya xizmatlariga ixtisoslashtirilgan) bir emas, olti nafar fuqaroni turli lavozimlarga shartta ishga oldi. So‘ng tegishli buyruqlarni ilova qilgan holda davlat xizmatlari markazi (DXM)ga murojaat etdi. Yangi qoidalar kuchga kirgan paytda DXMlarda it egasini, mushuk bekasini tanimaydigan vaziyat vujudga kelgandiki, shundami maxsus ruxsatnomalar olishda ko‘p ham muammoga duch kelmadi.

Muammoning kattasi kecha paydo bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, M.O. rasmiylashtirgan buyruqlar soxta bo‘lib, uning xususiy korxonasi o‘tgan yilning fevralidan buyon amalda faoliyat ko‘rsatmayotgan ekan!..

Hujjatlar darhol prokuraturaga yuborildi. Natijada M.O. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish) 2-qismi «a, b» bandlari bilan «delo» ochildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, dastlabki tergov harakatlari Navoiy shahar IIB tomonidan olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring