DXX bir guruh shaxslarni qo‘lga oldi
Giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi kurashish borasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, 1969 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Surxondaryo viloyatining Denov shahrida istiqomat qiluvchi, 2001 y.t. tanishi oziq-ovqat mahsulotlari solingan karton quti ichiga yashirgan holda, «Denov-Toshkent» yo‘nalishida qatnovchi mashina orqali berib yuborgan 300 gr. «opiy» moddasini Chilonzor tumanida qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Denov shahrida yashovchi fuqaro ham ushlanib, uning uyidan 500 gr. «opiy» moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Toshkent viloyatining Bekobod shahrida joylashgan «Farhod» chegara-bojxona postida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida yashovchi, 1982 y.t. ayol 1 kg 210 gr. va uning 2004 y.t. qizi 744 gr. «gashish» moddasini o‘z egnidagi kiyimlari ostiga yashirib, bojxona nazoratidan o‘tkazishga uringanlarida qo‘lga olindi.
Toshkent shahrining Olmazor tumanida qayd etilgan holatda 1993 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yonida 5 gr., yashash xonadonida esa 649 gr. «gashish» moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Yana bir holatda Toshkent shahrida yashovchi, 1986, 1987 va 1990 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro ketayotgan «Lasetti» rusumli avtotransport vositasi Bektemir tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada, avtomashina saloni va yukxonasida 698 dona «Tropikamid» va 115 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 7 gr. «Mefedron» sintetik narkotik moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, avtomashina egasining yashash xonadonidan 497 dona «Regapen» dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter