Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputat tergovga tortiladigan bo‘ldi – Bosh prokuratura

Deputat tergovga tortiladigan bo‘ldi – Bosh prokuratura

Foto: Kun.uz

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati tomonidan «bosar-tusarini bilmay qolgan deputat» deya e’lon qilingan videolavha qahramoni tergovga tortiladigan bo‘ldi baribir. Shu bilan bir necha kundan beri jamoatchilik e’tiborida turgan mojaro biroz tanaffus oladiganga o‘xshaydi.

Ma’lumingizkim, xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati T.M. go‘yoki profilaktika inspektorining telefonini sindirib, boshqa xodimning pogoni va xizmat ko‘krak nishonini yulib olganiga oid holat bo‘yicha prokuratura Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.

Biroq shahar prokurorining taqdimnomasi (deputatni jinoiy ishga jalb qilish va unga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasini qo‘llash haqida) mahalliy kengash qarorlari bilan avval qisman qanoatlantirib, keyin batamom rad etilishi ortidan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari «dam yeb» qolgandi. 

Shundan so‘ng Namangan viloyat prokurori tomonidan ayni masalada xalq deputatlari viloyat kengashiga taqdimnoma kiritilgani haqida o‘quvchilarni voqif etgandik. 

Kecha bo‘lib o‘tgan o‘tgan xalq deputatlari viloyat kengashi majlisida Namangan viloyati prokurorining taqdimnomasi muhokama qilinib, deputat T.M.ning jinoyat ishiga jalb etilishiga rozilik bildirildi. Taqdimnomaning «qamoqqa olish» ehtiyot chorasini qo‘llash qismi esa rad etildi.

Bu haqda «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov alohida qayd etdiki, tergov jarayonida Ichki ishlar xodimlarining xatti-harakatlari ham o‘rganilib, tegishli tartibda huquqiy baho beriladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha «bosar-tusarini bilmagan», deya tilga tushib ulgurgan deputatning o‘zi ijtimoiy tarmoq orqali voqelik yuzasidan uzr so‘rab chiqqandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring