«Bu aybsizlik prezumpsiyasi qoidalariga zid». Bosh prokuratura MOQ tutgan ishni qoraladi
Bugun, 23-yanvar kuni yilda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining rasmiy saytida Karate milliy federatsiyasining sobiq raisi Nurxon Nafasov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xaqida xabar tarqatilganini ma’lum qilgandik.
Bosh prokuratura matbuot xizmati MOQ tarqatgan xabarga munosabat bildirdi. Unda shunday deyiladi:
«23.01.2019-yilda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining rasmiy saytida «Nurxon Nafasovning kirdikorlari fosh bo‘ldi» nomli xabar chop etildi.
Mazkur xabar bo‘yicha Bosh prokuratura matbuot xizmati shuni qat’iyan ma’lum qiladiki, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari va olib borilayotgan tergov harakatlari yuzasidan rasmiy ma’lumotlar faqatgina bu borada mutasaddi tergov va nazorat qiluvchi organlar tomonidan beriladi.
Shuningdek, ta’kidlash zarurki, dastlabki tergovning holatlari va unga jalb qilingan shaxslar haqida keng jamoatchilikka turli talqindagi xabarlarni tarqatish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida belgilangan aybsizlik prezumpsiyasi qoidalariga zid va bunday holatlar o‘zgalarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazishi mumkin.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining rasmiy saytida e’lon qilingan holat bo‘yicha Bosh prokuratura matbuot xizmati quyidagilarni rasman ma’lum qiladi.
Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston karate milliy Federatsiyasining qator mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan aniqlangan holatlar bo‘yicha biror-bir shaxs, xususan N.Nafasov gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter