Bosh prokuror mamlakatimiz aholisiga murojaat bilan chiqdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev mamlakatimiz aholisiga murojaat qildi.
Qayd etilishicha, tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 45 foizdan ortig‘i bevosita mahallalarda sodir etilgan.
«Ayni paytda mamlakatimiz bo‘yicha 1,7 mingga yaqin mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilash – kechiktirib bo‘lmaydigan vazifamizdir. Shu bois, har bir hududda mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, soliq inspektori va ijtimoiy xodimdan iborat bo‘lgan «mahalla yettiligi»ning faoliyat samaradorligini oshirish choralarini ko‘ramiz. Ayniqsa, ularning jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi bilim, ko‘nikma va mahorati hamda eng asosiysi, faoliyat samarasini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi», deyiladi murojaatda.
Hozirgi vaqtda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar nisbatan ko‘proq sodir etilgan 716 mahallaga Bosh prokuratura va viloyat prokuraturalarining rahbar xodimlari biriktirilib, vaziyatni o‘nglash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, yoshlar tarbiyasida oilaning, ota-onalarning mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bunda ta’lim muassasalarida, mahallalarda ota-onalar va yoshlar ishtirokida manzilli profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi.
«Maktabni nafaqat ta’lim, ayni vaqtda bolalarimiz ongiga odob-axloq, tartib-intizom va qonun-qoida asoslarini singdiradigan dargohga aylantira olsak, yosh avlodimizda jinoyatchilikka qarshi immunitet o‘quvchilik davridan boshlab shakllanadi», deydi Bosh prokuror.
Shu nuqtai nazardan, kelgusida ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning darsga to‘liq qatnashi ta’minlanishi, sababsiz dars qoldiruvchilar va ularning ota-onalari bilan manzilli profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi qat’iy nazoratga olinadi.
«Muayyan tarmoq va sohalarga mas’ul bo‘lgan idora va tashkilotlar rahbarlari o‘z tizimida jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatida bevosita ishtirok etishi g‘oyat muhim hisoblanadi. Ularning ishtiroki jinoyatlarning sabab va omillarini bartaraf etish imkoniyatlarini yanada kengaytirib, o‘z sohasida jinoyatchilikni kamaytirish, uni “korrupsiyasiz sohaga” aylantirishni jadallashtiradi», deyiladi murojaatda.
Shu bois, idora va tashkilotlar rahbarlari tomonidan o‘z faoliyat yo‘nalishida sodir etilayotgan jinoyatlarni chuqur o‘rganib, ularga chek qo‘yish masalalari ham respublika darajasida, ham joyiga chiqqan holda muhokama qilinadi, jarayonlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilib, sodir etilayotgan jinoyatlar, ayniqsa, korrupsiya holatlariga barham berish bo‘yicha kompleks tahliliy va amaliy ishlar tizimli ravishda olib boriladi.
Bosh prokuror bugungi shiddatli axborot zamonida jinoyatchilikning yangi turlari, jumladan, kiberjinoyatchilik ko‘payayotganiga e’tiborni qaratgan. So‘nggi uch yilda bunday jinoyatlar qariyb 25 barobar oshgan, fuqarolarning katta miqdordagi pullari onlayn tarzda o‘g‘irlangan.
Qo‘shimcha qilinishicha, nazorati bevosita prokuratura organlariga yuklatilgan yer hamda energiya resurslarini talon-toroj etish, mansabni suiiste’mol qilish va korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda fosh qilishga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettiriladi.
Shu bilan birga, iqtisodiy jinoyatlarga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlariga qarshi kurashish, «xufyona iqtisodiyot»ni shakllantirishning turli sxema va kanallarini aniqlash borasidagi ishlar jadallashtirilib, mamlakatimizning iqtisodiy rivojiga to‘sqinlik qiluvchi holatlarni bartaraf etish ta’minlanadi.
«Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov faoliyati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish yo‘li bilan inson huquq va erkinliklari daxlsizligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratiladi. Bu borada fuqarolarning shaxsiy va oilaviy siri, turar joy va mol-mulki daxlsizligini ta’minlashning barcha choralari ko‘riladi», ta’kidlanadi murojaatda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga doir faoliyati muvofiqlashtirib boriladi. Aholining xavfsizligini ta’minlash borasidagi faoliyatda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan prokuror nazorati kuchaytirilib, ular bartaraf etiladi.
Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘z murojaatida xalqimizdan prokuratura tizimiga har tomonlama tayanch va suyanch bo‘lishini so‘ragan.
«Qonunbuzarliklarga qarshi barchamiz birgalikda kurash olib borsak, mahallalarimiz yanada tinch va obod bo‘ladi.
Fuqarolarimizdan o‘z taqdiriga, hayoti va sog‘lig‘iga beparvo bo‘lmaslikni, turli firibgarlarning nayrangiga uchmasdan, o‘z mulkini asrash choralarini ko‘rishini so‘rab qolamiz.
Qonunlarda belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, mol-mulkiga daxl qilmaslik ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz zarur», deyiladi murojaatda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter