«Biznesim aslida deputat Rasul Kusherbayevga tegishli emish»... Bosh prokuratura qidiruvdagi tadbirkor murojaati bo‘yicha bayonot berdi
![«Biznesim aslida deputat Rasul Kusherbayevga tegishli emish»... Bosh prokuratura qidiruvdagi tadbirkor murojaati bo‘yicha bayonot berdi](https://static.xabaruz.com/crop/2/9/720_460_95_2929030852.jpg)
2020-yil 5-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Prokuratura tuhmatlaridan charchadim. Mening biznesim aslida deputat Rasul Kusherbayevga tegishli emish» sarlavhasida qidiruvdagi yangiyo‘llik tadbirkor B.Q.ning murojaati takroran tarqaldi, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.
Qayd etilishicha, bundan avvalroq Bosh prokuratura tomonidan ayni shu turdagi, biroq bir muddat oldin qilingan arznoma yuzasidan batafsil o‘rganish ishlari o‘tkazilgan va bu to‘g‘risida rasmiy bayonot berilgan.
Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Yangiyo‘l tumanidagi «Qo‘sh-yog‘och oltin fayz baliqlari» MChJga ajratilgan baliqchilik havzasidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy olib chiqib ketish holati yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish hujjatlari asosida 24.01.2020-yilda JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Yangiyo‘l tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov o‘tkazilgan.
Tergov davomida ushbu jamiyat rahbari J.Z. akasi B.Q. bilan jinoiy til biriktirib, baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan 11,8 gektar yer maydonidan 600 mln. so‘mlik 57,2 ming kub.metr qum-shag‘al aralashmasini qazib olib, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, qonunga zid ravishda sotib yuborib, talon-toroj qilganligi, bu orqali davlatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganligi aniqlangan.
Shu sababli J.Z.ga JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, ishning unga nisbatan qismi 04.05.2020-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudiga yuborilgan.
Ayblanuvchi B.Q.ga esa, tergovdan yashiringanligi sababli qidiruv e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishi Bosh prokuraturada o‘rganilganda ish bo‘yicha deputat R.Kusherbayevga oid biron-bir masala muhokama qilinmaganligi, unga aloqador ma’lumot to‘planmaganligi yoki u bilan bog‘liq tergov harakatlari o‘tkazilmaganligi bayon qilingan.
Bosh prokuratura xodimlari tomonidan J.Z. bilan xolis o‘tkazilgan suhbat davomida u tergovda undan R.Kusherbayev haqida hech qanday ma’lumot so‘rab-surishtirilmaganligini, u haqida savol berilmaganligini, unga qarshi ko‘rsatma berish talabi bilan tazyiq o‘tkazilmaganligini bildirgan.
R.Kusherbayev bilan Bosh prokuraturada o‘tkazilgan suhbatda bayon etilgan har bir ma’lumot markaziy mahkamaning o‘zida ishga aloqador shaxslarni jalb qilgan holda, tegishli hujjatlarni ko‘zdan kechirish yo‘li bilan to‘liq tekshirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter