Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bosar-tusarini bilmagan deputat» uzr so‘radi. Shu bilan mavzu «yopiladi»mi? (video)

«Bosar-tusarini bilmagan deputat» uzr so‘radi. Shu bilan mavzu «yopiladi»mi? (video)

Videolavhadan skrinshot

Bir necha kundan beri jamoatchilik e’tibori markazida bo‘lib turgan «bosar-tusarini bilmagan deputat» mavzusi yakuniga yetdi, chamasi... Bugun o‘sha deputat ijtimoiy tarmoq orqali uzr so‘rab chiqdi. Chunki, «uzr so‘rash» do‘ppi tor kelganda suvdan quruq chiqishning birdan bir vositasiga aylanib, bunday imkoniyat yakkash mansabdorlarga havola etilishiga jamoatchilik o‘rganib bo‘ldi-da. Mansabdorning bir og‘iz «uzri» shunday quvvatga egaki, uning oldidan qonunlar ortga chekinadi, qonun peshvolaridagi vakolatga ham tushov tushadi go‘yo...

Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati bilan bog‘liq mojarolar esa, vaziyatga qarab «uzrxoh»likka zarur «tuzatishlar» kiritilishi mumkinligini ham ko‘rsatib berayotgandek. Ya’nikim, shu choqqacha mansabdorlar o‘zlari «uzr» so‘rab, vaziyatdan chiqqan bo‘lishsa, endi voqelikning boshqa ishtirokisi «uzr-ma’zuri» orqali mutasaddilarga shunday imkoniyat taqdim etilayotgan o‘xshaydi. Yo‘qsa, uzrni deputat emas, avvalo uni «bosar-tusarini bilmay» qolganlikda ochiqdan-ochiq ayblab, el aro do‘mbira qilganlar so‘ramasmidi?!

Deputatning «uzr»i unga nisbatan qo‘zg‘atilib, biroq hamon muallaq turgan jinoyat ishiga ta’sir qilishi ehtimoldan holi emas. Chunki, u o‘zini mutloq aybsizman deyayotgani yo‘q, shuningdek, unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani aytilayotgan ichki ishlar organi xodimlariga ham jiddiy e’tiroz bildirmayapti. Asosiysi ulardan uzr so‘ragan: gap shunda!

Uzr so‘rash – fazilat, albatta. Muqaddas Ramazon oyida bunday amalni ado etmoq esa koni savob. Biroq «uzr» samimiy emas, ixtiyoriy-majburiy  aytilsa, fazilat ham, savob ham qolmaydi. Bunaqada ijtimoiy adolat haqida gapirmasayam bo‘ladi.

Endi gapni muxtasar qilib, deputat bilan bog‘liq mojarolarni yana birrov esga olsak.

Ichki ishlar vazirligining «bosar-tusarini bilmay qolgan deputat» haqida videolavha e’lon qildi. Bir tomonlama va aybsizlik prezumpsiyasiga zid ayni videolavha ko‘plab bahs-munozara va shov-shuvlar sabab bo‘ldi.

Voqelik ortidan deputatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Namangan shahar prokurorining deputatni javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish haqida mahalliy kengashiga kiritgan taqdimnomasiga avvaliga qisman rozilik berildi. Oradan uch kun o‘tib, xalq deputatlari Namangan shahar kengashi prokuror taqdimnomasini tamoman rad qilish va mojaro ishtirokchilari bo‘lgan Ichki ishlar xodimlarini javobgarlikka tortish maslalasini hal qilish haqida yangi qarori qabul qildi. 

Bu orada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Ichki ishlar vaziriga murojaat qilib, IIV Axborot xizmati tomonidan foydalanilgan lavhalarni jamoatchilikka «montaj»siz havola etish va ayni jarayonda noxolislik yoki bir taraflama yondashuvga yo‘l qo‘yilgan mas’ullarning intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish so‘raldi.

Deputatlarning so‘roviga Ichki ishlar vazirligi «six ham, kabob ham kuymaydigan» shaklda javob qaytardi. 

Vazirlik javobidan qoniqish qilmagan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev yana bir bor mazuga qaytib, o‘z munosabatini bildirdi. 

Namangan shahar prokurorining taqdimnomasi mahalliy kengash tomonidan rad qilingach, masala viloyat darajasiga chiqdi.

Namangan viloyat prokurori deputat masalasida xalq deputatlari Namangan viloyat kengashiga taqdimnoma kiritdi. 

Hozircha masala shu nuqtada turibdi. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, viloyat prokurorining taqdimnomasi Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashida hali ko‘rib chiqilgani yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring