Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bitta alimentni ikki shaxsdan undirish mumkinmi? MIB mas’uli izoh berdi

Bitta alimentni ikki shaxsdan undirish mumkinmi? MIB mas’uli izoh berdi

Foto: «Xabar.uz»

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda onasining pensiyasiga taqiq qo‘yilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan erkak alimentdan bo‘lgan 10 mln. so‘mdan oshiq qarzni to‘lab bergani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Mazkur xabarning ikkita nuqtasi ko‘pchilikda savol tug‘dirgan bo‘lsa, ehtimol. Avvalo, pensiyaga taqiq qo‘yilishi o‘ylantiradi: axir yaqindagina MIB mutasaddilari kelasi yilning 1 iyuligacha fuqarolarning hisob-raqamiga taqiq qo‘yilmasligini baland pardalarda e’lon qilmadimi?

Ikkinchidan, nega aliment bolalarning otasidan emas, balki buvisidan undirilmoqda?   

Darhol Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov bilan bog‘landik. Ommaviy axborot vositalarida tizimga doir «kaltaklar»ning bir uchi boshida sinaverishiga ancha ko‘nikib qolgan F.Toshpo‘latov holatga (bir «uff» tortvolib) bosiqlik bilan izoh berishga harakat qildi:

— To‘g‘ri, kelasi yilning 1-iyuligacha fuqarolarning hisob-raqamiga (plastik kartalariga) taqiq qo‘yilishiga moratoriy e’lon qilingan. Bu tartib aslida dastlab, kommunal to‘lovlardan qarzi bor fuqarolarga tatbiq etilmasligi ma’lum qilingan edi. Shundayam bu borada sud qarori bo‘lmasa! Endi bu amaliyot sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosi bo‘yicha ham qo‘llaniladi. Demak, e’lon qilingan moratoriy kommunal to‘lovlar, sud va boshqa organlar qarorlari uchun birdek taalluqli.

Birorta huquqiy hujjatsiz bir fuqaroning aliment to‘lovi ikkinchidan undirilmaydi. Qonunchilikka ko‘ra, sud qarorida ko‘rsatilgan qarzdordan aliment to‘lovlarini undirish harakatlari olib boriladi,  bunda uning yaqin qarindoshlari, ota-onasining yoki boshqa shaxslarning ish haqi, (pensiya) yoki boshqa daromadlariga qaratilmaydi (Oila kodeksining 130-moddasiga ko‘ra, agar aliment oluvchi muomalaga layoqatsiz bo‘lsa, kelishuv uning qonuniy vakili bilan tuzilishi kabi me’yorlar bundan mustasno).

Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda holat biroz boshqacha talqin qilinmoqda. Fuqarolik ishlari  bo‘yicha sudning 12.12.2014-yildagi buyrug‘iga asosan Yu.Nazirovdan undiruvchi K.Omonova foydasiga 2 nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun  ma’lum miqdorda aliment undirish belgilangan edi. Ushbu ijro  hujjati sobiq sud ijrochilarining Yakkabog‘ tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va qarzdorning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chetga chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.

Keyinchalik, sudning 14.07.2005-yildagi qaroriga asosan qarzdorga qo‘yilgan cheklov bekor qilingan.

Bundan tashqari 14.06.2016-yildagi yana bir sud jarayoni bo‘lib, unda qarzdor Yu.Nazirovning aliment miqdorini kamaytirish to‘g‘risidagi da’vo ariza qanoatlantirilgan. Qarzdor 2017-yil yanvaridan keyin aliment to‘lovlarini amalga oshirishni to‘xtatgan. Shu sabab davlat ijrochisi alimentni undirish choralarini ko‘rish jarayonida uni izlab uyiga boradi. Qarzdor o‘z manzilida yo‘qligi aniqlangach, unga nisbatan 07.12.2017-yilda qidiruv e’lon qilishdan boshqa chorasi qolmaydi.

Voqeaning qiziq jihati bu orada Yu.Nazirovning birinchi turmush o‘rtog‘i K.Omonova sudga murojaat qilib, aliment pullarini undirishni so‘raydi. Shunga ko‘ra, FIB Yakkabog‘ tumanlararo sudining 18.07.2019-yildagi sud buyrug‘iga asosan S.Nazirovadan (qarzdor Yu.Nazirovning onasi) K.Omonova foydasiga 2 nafar farzandi foydasiga 1/3 miqdorida aliment (Oila Kodeksining 123-moddasiga asosan) to‘lash belgilanadi. O‘z navbatida, Sudning ushbu qaroriga asosan qarzdor S.Nazirova MIBning Yakkabog‘ tuman bo‘limiga chaqirtirilib, xodimlar unga aliment pullarini to‘lashi lozimligini, aks undiruv holda ish-haqi yoki boshqa unga tenglashtirilgan to‘lovlarga qaratilishi mumkinligini tushuntiriladi.

Ko‘rinadiki, MIB xodimlari hech qanday qonuniy asoslarsiz qarzdorning onasidan  nabiralari uchun aliment to‘lash talabini qo‘yishgani yo‘q. Sud hujjati to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, u MIBga kelib tushgach, ijro etilishi shart. MIBda sud qarori muhokama etilmaydi.

Hozirda qarzdor Yu.Nazirovning onasi S.Nazirovadan alimentni undirish haqidagi sud buyrug‘i bekor qilingan. Alimentdan qarzdorlik masalasi ham bartaraf etilgan.

Nihoyat, asosiy savolga kelsak: sobiq kelin uchun ham eri ham, qaynonasi aliment to‘lashi mumkinmi?

Demak, mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring