«Bir zarbda» 30 million so‘m!
Farzandiga aliment to‘lovini o‘z vaqtida yoki avvaldan to‘lab qo‘yayotgani haqida yozishdan ma’noyam, mantiq ham yo‘q, aslida. Chunki, favqulodda ish qilingani yo‘q, bor-yo‘g‘i, ota farzandi oldidagi majburyatini bajaryapti, xolos. Ustiga ustak, o‘sha majburiyatni otaning zimmasiga sud yuklab qo‘ygan, illo ixtiyoriy, sud-u ijrochilarni ovora qilmay ado etayotgani yo‘q.
Shular haqida o‘ylar ekansan, Majburiy ijro byurosining aliment undirish bilan bog‘liq ijro ishlari haqida, to‘rt enlik bo‘lsin, biror xabar yozmoqqa qo‘l bormaydi ba’zan. Biroq, sud qaroriga chiqqaniga qaramay o‘z pushtidan bo‘lgan farzandning ta’minotidan bo‘yin tovlayotgan ayrimlar erkaklarning, kerak bo‘lsa, surobini tortib, aliment undirish osonmas baribir. Alimentchi otani qidirib, topib, majburiyatini eslatib, kerakli tushuntirish ishlari olib borish uchun temirdan asab kerakday. Shundayam uqqan to‘lovni amalga oshiradi, uqmagan esa yuraveradi. Natijada undaylarga nisbatan boshqacha huquqiy ta’sir chorasini qo‘llashga majbur bo‘linadiki, shuning o‘ziyam g‘avg‘o keltirib chiqarishi mumkin: nima-nima, falonchini MIB xodimlari 15 sutkaga «olib kirib» qo‘yibdi?! Farzandi oldidagi majburiyatini bajarmaganga nisbatan oxirgi chora shu ekanini ba’zilar tushunsa, qani?!
Kogonlik M.Xodiyev sobiq rafiqasi foydasiga voyaga yetmagan farzandi uchun to‘rt yildan buyon aliment to‘lab kelayotgan edi. Har oyda bir tashvish: to‘lovni vaqtida amalga oshirish kerak. M.Xodiyev bilan MIBning Kogon shahri bo‘limi xodimlari suhbatlashib, aytishdiki, har oy ovora bo‘lguncha (imkoniyatingiz bo‘lsa), bir necha yillik to‘lovni bittada amalga oshirib qo‘ying, ortiqcha g‘urbat hech kimga kerakmas...
M.Xodiyev imkoniyatini chamalab, so‘ng «bir zarbda» to‘rt yillik aliment pullarini oldindan to‘lab qo‘ydi: jami — 30.018.507 so‘m!
Bu boshqa gap. Mana, to‘rt yil qulog‘ing tinch endi. Seninggina emas, MIBchilarning ham...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter