Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amerikalik harbiy Oq uy qarshisida ochlik e’lon qildi

Amerikalik harbiy Oq uy qarshisida ochlik e’lon qildi

AQSh Qurolli kuchlari uchuvchisi Larri Hebert Oq uy qarshisida ochlik e’lon qildi. U prezident Jo Baydenning Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlab kelayotganiga shu tariqa norozilik bildirgan.

«G‘azo sektorida tinch aholi vakillari bomba va hujumlarga nishon bo‘layotgani, ochlikka mahkum etilgani sabab ochlik e’lon qildim», – degan AQShning Ispaniyadagi harbiy bazasida xizmat qilib kelgan Larri Hebert.

U G‘azoda urushni to‘xtatish va AQSh tomonidan Isroilga qurol yetkazishni bas qilishni talab qilgan.

L.Hebert G‘azo aholisini qo‘llab-quvvatlagani uchun qamoqqa hukm qilinishi mumkinligi, ammo ko‘p sonli odamlar mushkul vaziyatda ekanida tomoshabin bo‘lib tura olmaganini aytgan.

26 yoshli harbiy insonparvarlik faoliyati, ibratli xulqi va terrorizmga qarshi global kurashdagi xizmatlari uchun medallar bilan taqdirlangan.

AQSh harbiy va siyosiy doiralarida Oq uyning Yaqin Sharqdagi siyosatiga norozilik aksiyasi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

Joriy yil 25 fevral kuni AQSh harbiy-havo kuchlari uchuvchisi Aaron Bushnell Isroilning Vashingtondagi elchixonasi qarshisida o‘ziga o‘t qo‘ygan edi. Kuyish oqibatida vafot etgan A.Bushnell ham «Oq uyning G‘azo sektorida Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan qatliomni qo‘llab-quvvatlangani»ga e’tiroz bildirgan.

Avval xabar berganimizdek, bir muddat oldin Davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqdi. 11 yil davomida mas’ul lavozimda ishlab kelgan J.Polga ko‘ra, Isroilga oshig‘ich ravishda qirg‘in qurollari berilishi adolatsiz qaror bo‘lib, bu AQSh oliy deb bilgan qadriyatlarga ham zid sanaladi.

Isroil armiyasi 2023 yilning 7 oktyabr kuni HAMASning hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirganidan buyon 33175 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 75886 nafari jarohatlandi. Olti oydan buyon davom etayotgan bombardimonlar 14 mingdan ziyod bolalar, 9200 dan ziyod ayollar hayotiga zomin bo‘ldi.

Xalqaro tashkilotlar Isroil ma’muriyatini xalqaro gumanitar huquqni poymol etishda ayblamoqda. Ayni choqda, yahudiy davlati armiyasini qurollantirayotgan birinchi raqamli mamlakat – AQShdan qurol-aslaha yetkazishni to‘xtatish talab qilinmoqda.

Jumladan, Oxfam hamda Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlari Oq uyga shunday chaqiriq yo‘lladi. Mazkur tashkilotlar Isroil bombardimonlarida minglab falastinlik tinch aholi vakillari o‘ldirilganini qayd etib, Tel-Aviv Vashington tomonidan yetkazilayotgan qurollardan xalqaro huquq me’yorlari doirasida istifoda etishini savol ostiga olgan.

Jahon matbuoti xabariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, AQSh Isroilni imi-jimida qurollantirishda davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring