Bloger Adliya vazirligidan uzr so‘radi

Shu yilning 11-iyun kuni portalimizda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning «Mehnatning tagi mehnat. Rohat qachon?» nomli blogposti e’lon qilingan edi. Blogerlar chempionatining finali uchun taqdim etilgan ushbu blogpostda muallif 2018-yil 1-apreldan boshlab FHDYo organlari tuman (shahar) hokimliklariga bo‘ysundirilishi belgilangani, shu munosabat bilan Adliya vazirining 2018-yil 19-apreldagi 122-um-sonli buyrug‘i asosida 1-iyuldan tumanlar (shaharlar) FHDYo bo‘limlari, nikoh uylari hokimiyat tasarrufiga hamda FHDYodagi arxivlar Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkazilayotgani, biroq bu jarayonda Adliya vazirligi mehnat qonunchiligiga zid ravishda barcha FHDYo xodimlari bilan mehnat shartnomasini bekor qilmoqchi ekani haqida yozgan edi.
Maqolada Adliya vazirligi mehnat qonunchiligiga zid ravishda barcha FHDYo xodimlari bilan mehnat shartnomasini bekor qilmoqchiligi, Adliya vazirligi bo‘la turib qonun doirasidan chetga chiqayotgani, o‘z buyrug‘ini mehnat qonunchiligida belgilangan normalar doirasida qayta ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq bo‘lishi yozilgan va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 98-moddasi buzilgan deb ta’kidlangan.
Maqola e’lon qilingach, turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Xususan, Blogerlar chempionatining maxsus platformasida Adliya vazirligi nomidan yozilgan raddiyada va boshqa bir necha mustaqil huquqshunoslar tomonidan berilgan sharhlarda blogpost muallifi qonun hujjatlarini noto‘g‘ri talqin qilgani ma’lum bo‘ldi.
Chunonchi, aniqlanishicha, Xushnudbekning maqolasida tilga olingan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 98-moddasi korxona, ya’ni yuridik shaxsning mulkdori almashgan, xuddi shuningdek, u qayta tashkil etilgan (qo‘shib yuborilgan, birlashtirilgan, bo‘lib yuborilgan, qayta tuzilgan, ajratilgan) holatlarga nisbatan tatbiq etiladi. FHDYo organlari esa Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari to‘g‘risidagi nizomning (ro‘yxat raqami 2272, 30.09.2011 yil) 2-bandiga asosan yuridik shaxs maqomiga ega emas. FHDYo organlari xodimlari uchun ish beruvchi bo‘lib hududiy adliya organlari hisoblanadi. Maqolada keltirilgan xatdagi Samarqand viloyat adliya boshqarmasining FHDYo xodimlariga ogohlantirishi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismining 1-bandi hamda 102-moddasi birinchi qismining 1-bandi doirasida berilgan.
Ushbu harakatlarning qonuniy amalga oshirilganini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 12-sonli qarori ham tasdiqlaydi, deyiladi xatda. «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida»gi ushbu qarorning 23-bandida korxonaning alohida bo‘lmagan tarmog‘i (xizmatlar, bo‘limlar, uchastkalar, sexlar va h.k) faoliyati tugatilayotganda, korxona o‘z faoliyatini to‘liq davom ettirayotgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan tarmoqda ishlovchi xodim bilan mehnat shartnomasining bekor qilinishiga faqat xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyati o‘zgarishi asoslari bo‘yicha yo‘l qo‘yilishi mumkinligini belgilangan. Xushnudbekning maqolasida keltirilgan ogohlantirish xati Samarqand viloyati adliya boshqarmasi tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan qonun hujjatlariga asosan to‘g‘ri berilgan.
Adliya vazirligi yuqoridagilardan kelib chiqib va mazkur masala Adliya vazirligining ishchanlik obro‘siga zarar yetkazishi mumkinligini e’tiborga olib tegishli raddiya berilishini so‘ragan.
Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev vazirlikning e’tirozi o‘rinli ekanini tan oldi
va Blogerlar chempionatining maxsus platformasida raddiya berdi:
«Hurmatli mushtariylar,
yuqoridagi blogpostda «Tabibning o‘zi bemor» qismida FHDYo xodimlari bilan mehnat shartnomasini bekor qilish jarayonida qonunbuzilish holatlari mavjudligi haqida yozgan edim.
Biroq ushbu jarayonlar Mehnat kodeksi 98-moddasi bo‘yicha tartibga solinmasligi, FHDYo organlari alohida yuridik shaxs bo‘lmaganligi sababli korxona sifatida qaralmasligi nuqtai nazaridan blogpostning ushbu qismidagi da’vo noto‘g‘ri ekanligini bildirib qo‘ymoqchiman.
Ya’ni Samarqand viloyati adliya boshqarmasi tomonidan berilgan ogohlantirish xati qonun hujjatlariga asosan to‘g‘ri berilgan.
Qonun talabi bo‘yicha, raddiya o‘sha material chiqqan joyda berilishi kerakligini inobatga olib, mazkur izohimni uzrnoma sifatida qabul qilishingizni so‘rayman. Birozdan so‘ng, ushbu blogpostdan «Tabibning o‘zi bemor» qismi olib tashlanadi, bu haqida tashkilotlarchilarga iltimosnoma yubordim.
To‘g‘ri tushunganingiz uchun rahmat».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter