Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoylik yetakchi ekspertlar Ukraina urushi yakunini bashorat qildi

Xitoylik yetakchi ekspertlar Ukraina urushi yakunini bashorat qildi

Xitoy rahbari Si Szinpin xalqaro bosim sabab Moskva bilan ehtiyotkorona munosabatni ma’qul ko‘rmoqda.

Foto: TASS

Xitoy hukumati an’anaviy ravishda Kremlni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Ammo mamlakatning yetakchi ekspertlari va sobiq diplomatlari Ukrainadagi harbiy amaliyot borasida rasmiy Moskvani allaqachon tanqid qila boshladi. Bu haqda Republic nashri xabar bermoqda.

«Rossiya–Ukraina urushi «sovuq urush» davridan keyingi eng jiddiy xalqaro ziddiyat sanaladi. Bu ixtilof «sovuq urush»ning yakuni va yangi jahoniy tartibotning joriy etilishi bilan yakunlanadi», – deydi xitoylik tahlilchilar.

Ayni choqda, ular Moskvaning Ukrainadagi pozitsiyasini zaif va istiqbolsiz deb baholab, mag‘lubiyat muqarrar ekanini ta’kidlamoqda.

Qayd etilishicha, SSSR parchalanganidan keyin Rossiya ichki va tashqi siyosatidagi xatolar taraqqiyotga tushov bo‘ldi. Ukrainadagi muvaffaqiyatsizlik esa iqtisodiy, siyosiy va harbiy jabhaga zarba bermoqda.

Xitoylik ekspertlarga ko‘ra, Kreml Ukrainada ko‘z ochib yumguncha g‘alaba qozonamiz deya yanglish qadam tashladi. Endilikda esa Rossiya tomoni nafaqat harbiy jabhada, balki iqtisodiy, siyosiy, diplomatik va axboriy urushda ham Ukrainaga boy bermoqda. 

Janglar yana uzoq davom etishi ham istisno etilmayotir. Kommunistik mafkura yetakchilik qilayotgan o‘lka tahlilchilari nazdida Ukraina AQSh, YeI va NATO ko‘magida Qrim va bosib olingan sharqiy viloyatlarini qaytarish olishga harakat qiladi. Urush yakunida Rossiya kuchsizlanib, bir qator muhim xalqaro tashkilotlardan chiqarib yuboriladi. Ukraina esa katta Yevropa oilasining a’zosiga aylanadi.

Xitoylik ekspertlar Ukrainadagi xunrezlik ortidan sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan boshqa respublikalar ham Moskvadan yiroqlashishga harakat qiladi, deb hisoblaydi.

Fudan universiteti huzuridagi Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti professori Fen Yuyszyun esa Ukraina urushini Kreml tomonidan SSSR parchalanishiga javoban ishlab chiqilgan qasos loyihasining tarkibiy qismi deb atagan.

Siyosatshunos agar Rossiya urushni qisqa muddatda g‘alaba bilan yakunlay olmasa, siyosiy-iqtisodiy ihotalanish ortidan mushkul holatga tushishini bashorat qilgan. Mazkur ekspert ham Ukraina garchi NATOga kira olmasa-da, siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan Yevropaga qo‘shilib ketishini qayd etgan.

So‘nggi tahlillarga qaraganda, Putin Pekinning kuchli yordamidan umidini uzgan. Rossiya prezidenti bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan Xitoy rahbari Si Szinpin ham xalqaro bosim hamda sanksiyalar tahdidi sabab Moskva bilan ehtiyotkorona munosabatni ma’qul ko‘rmoqda.

Xitoy allaqachon Rossiyaga muhim ahamiyatga ega yuqori texnologiyalar yetkazib berishni qisqartirgan. Xitoy fazoviy stansiyasi eshiklari rossiyaliklarga yopilgan. Pekin va Moskva o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikda tanaffus e’lon qilingan. Katta iqtisodiy marralarni ko‘zlagan Chin mamlakati o‘z mahsulotlarini Yevropaga Rossiyani aylanib o‘tgan holda yetkaza boshlagan.

Avval xabar berganimizdek, AQSh diplomatiyasi oqsoqoli  – sobiq davlat kotibi Henri Kissinjer Rossiya va Xitoy munosabatlarining istiqbolini baholab, Moskva va Pekin ittifoqi abadiy bo‘la olmasligini ta’kidlagan edi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring