Ayol kishini yechintirib videoga olganlar shaxsi aniqlandi. Videoni internetda tarqatganlarning ham javobgarlik masalasi ko‘riladi
Joriy yilning 22-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm shevasida so‘zlayotgan bir guruh ayollar tomonidan boshqa bir ayol kishini qizlik iffati yo‘qligini ro‘kach qilib, yechintirib, uyali telefoni orqali olgan videotasvir tarqaldi.
Ushbu videolavhadagi holat qachon, qayerda sodir bo‘lganligi va jarayon ishtirokchilarining shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida Xorazm viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Aniqlanishicha, mazkur holat joriy yilning 7-oktyabr kuni Urganch shahrida sodir bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi.
«Jarayon ishtirokchilarining shaxsi to‘liq aniqlangan bo‘lib, tergov manfaatlari va jabrlanuvchining shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash maqsadida ishtirokchilarning ism-shariflari oshkor etilmaydi.
Mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish, shuningdek shaxsga doir ma’lumotlardan qonunga xilof ravishda turli ko‘rinishda foydalanish qonun bilan ta’qib qilinadi.
Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ushbu videolavhani ijtimoiy tarmoqlarda tarqatayotgan shaxslarning javobgarlik masalasi ham ko‘rib chiqiladi», deyiladi Xorazm viloyati IIB axborot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter