Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘yxonadagi zaharlanish sababi ma’lum qilindi

To‘yxonadagi zaharlanish sababi ma’lum qilindi

Samarqand viloyati, Jomboy tumanida yashovchi 19 nafar fuqaro tibbiyot birlashmalariga to‘y bazmida ovqatdan zaharlangani yuzasidan murojaat qilishgani haqida xabar berilgandi.

Sanepidxizmat matbuot xizmatiga ko‘ra, 2022 yil 26 may kuni Samarqand shahar Farhod qo‘rg‘onida joylashgan Farhod shaharchasi MChJga qarashli «Yakkasaroy» to‘yxonasida o‘tkazilgan sunnat to‘yi tadbirida qatnashganlardan 2022 yil 28, 29, 30 may kunlari jami 19 nafar fuqaro «ovqatdan zaharlanish» tashxisi bilan shifoxonalarga yotqizilgan.

Jumladan, Jomboy tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limiga Jomboy tuman «Olmazor» mahallasida yashovchi 11 nafar fuqaro, Bulung‘ur tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limiga «Yangiobod» mahallasida yashovchi 3 nafar fuqaro, Jomboy tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasiga qarashli «Zarafshon» QVPga «Olmazor» MFYda yashovchi 5 nafar fuqarolardir.

Dastlabki epidemiologik tekshiruv va surishtiruvlar natijasiga ko‘ra, barcha bemorlarda 2022 yil 27 may kuni ertalabdan ko‘ngil aynish, qayd qilish, qorin sohasida og‘riq, ich ketish va tana haroratining ko‘tarilishi kabi bir xil klinik belgilar kuzatilgan.

Zaharlanish sabablarini o‘rganish borasida bemorlar va to‘y tadbiriga qatnashganlar bilan o‘tkazilgan so‘rov-surishtiruvlarda fuqarolar o‘z kasalliklari boshlanishini Samarqand shahar «Farhod» qo‘rg‘onida o‘tkazilgan to‘y tadbirida iste’mol qilingan go‘shtli assorti mahsulotlari bilan bog‘liqligi aniqlandi.

Shifoxonada bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Oshqozoni yuvilgan, tozalovchi huqna qilingan va bemorlardan olingan biomaterial namunalari laboratoriya tahlili uchun Jomboy va Bulung‘ur tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlarining bakteriologiya laboratoriyalariga yuborilgan. Bemorlarda dezintoksikatsion hamda simptomatik davo muolajalari o‘tkazilgan.

To‘y tadbirida jami 350 nafarga yaqin fuqarolar ishtirok etgan. Qatnashganlarni aniqlash borasida o‘tkazilgan uyma-uy ko‘rik va surishtiruvlarda Jomboy tuman «Olmazor» qishlog‘ida yashovchi 165 nafar fuqaro, Bulung‘ur tuman «Changal» qishlog‘ida yashovchi 30 nafar fuqaro va Jizzax shahri «Saroyli» MFY hududida yashovchi 7 nafar fuqarolar to‘y tadbirida qatnashganliklari aniqlandi. Jizzax viloyatidan kelgan fuqarolar to‘g‘risida Jizzax viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasiga xabar qilindi va ular tomonidan o‘rganilganda 7 nafar fuqaroda kasallik belgilari aniqlanmagan.

Kasalxonadagi barcha bemorlarning holati ijobiy tarafga o‘zgargan. Davolash muolajalari muvofaqqiyatli yakunlanib, barcha bemorlar uy-uyiga javob berildi va ularning sog‘ligi kuzatuvga olingan.

«Yakkasaroy» to‘yxonasini vakolatli organ bilan kelishish tartibida tekshirish o‘tkazishga belgilangan tartibda buyurtma berilgan.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Milliy telekanalning "MILLAR" yangiliklar dasturida 196 nafar, "MARKAZIY STUDIYA" ko‘rsatuvida 200 nafar fuqaro zaharlangan, deya bergan ma’lumotlari bo‘rttirilib ko‘rsatilgan. Tegishli tashkilotlar mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi», deyiladi Sanepidxizmat xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring