Inspektor voqea joyida ushlandi
Buxoro shahrida soxta dalolatnoma tuzib berish evaziga pora talab qilgan «tabiat kushandasi» qo‘lga olindi.
Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Kogon tumani bo‘limi inspektori Buxoro tumani «Rabotak» mahallasida yashovchi 43 yoshli I.O. ismli shaxsga boshqa bir fuqarodan savdo do‘koni sotib olishiga «ko‘makka shay»ligini bildirgan. Buxoro shahar Piridastgir ko‘chasidan o‘tuvchi yo‘l yoqasida joylashgan savdo do‘koni qurish uchun mo‘ljallangan ushbu yerda o‘sib turgan manzarali daraxtlar haqiqatda qurimagan bo‘lsa-da, ularning kasallanganligi va quriganligi to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtirib bergan. O‘z «xizmat»lari evaziga 500 ming so‘m miqdorida pora talab qilgan.
Viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u M-39 magistral yo‘lining Buxoro shahar Mohi Xosa ko‘chasi kesishmasida I.O. fuqarodan kimyoviy ishlov berilgan 500 ming so‘m pullarni pora tariqasida olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro I.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter