Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand va Toshkent viloyatlarida bir guruh shaxslar qo‘lga olindi

Samarqand va Toshkent viloyatlarida bir guruh shaxslar qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, «Samarqand-Qoraqalpog‘iston» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan «Kobalt» rusumli avtomashina Navoiy viloyatining «Muntazam» YPX maskanida to‘xtatilib tekshirilganda, uning salonida 992 gr. «opiy» moddasi borligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, avtomashinada bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida yashovchi, 1973 va 1975 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs Samarqand viloyatining Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida istiqomat qiluvchi, 1977 va 1982 yillarda tug‘ilgan 2 fuqarodan 100 mln. so‘mga sotib olingan ushbu ajal og‘usini kelgusida qayta sotish orqali mo‘may daromad topishni rejalashtirishgan.

Tezkor tadbir davomida narkotik moddani to‘rtko‘llik xaridorlarga sotgan samarqandlik fuqarolar ham qo‘lga olinib, ulardan birining yashash xonadonidan 767 gr. «gashish» moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Boshqa holatda, Urgut tumanida harakatlanayotgan «Matiz» rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Bulung‘ur tumanida yashovchi, 1958 y.t. fuqaroning yonida 500 gr. «opiy» moddasi borligi aniqlandi.

Bulung‘ur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa «Samarqand-Namangan» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Kobalt» rusumli avtomashina «Yuqori nuqta» YPX maskanida to‘xtatilib tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Urgut tumanida yashovchi, 1994 y.t. shaxsning yonida 978 gr. «gashish» moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida yashovchi, 1989 y.t. shaxs boshqaruvidagi «Kobalt» rusumli avtomashina Ohangaron tumanidagi «Chinor» YPX maskanida to‘xtatildi. Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning motor qismiga yashirib qo‘yilgan 951 gr. «gashish» giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur narkotik moddani Toshkent shahrida qabul qilib olgan, Paxtaobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1989 y.t., muqaddam sudlangan fuqaro ham qo‘lga olindi.

Ta’kidlash lozimki ushbu giyohvandlik vositalari mamlakatimizga uchinchi shaxslar tomonidan Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalaridan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.

Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring