Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Bosh prokurorni Oqqo‘rg‘onga yubordi

Prezident Bosh prokurorni Oqqo‘rg‘onga yubordi

Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga binoan joriy yilning 14 avgust kuni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining kasallanishi bilan bog‘liq holatlarni joyiga chiqqan holda batafsil o‘rgandi, deb xabar bermoqda mahkama matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, shu yil 9 avgust kuni mazkur tashkilot tarbiyalanuvchilaridan 19 nafari turli tibbiyot muassasalariga murojaat qilishgan va ularga «botulizm» kasalligiga gumon tashxisi qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan JKning 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) jinoyati alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, malakali tergov-tezkor xodimlardan iborat tarkibda tuzilgan tergov guruhi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuror mazkur viloyat va tuman prokurorlari hamda tergov guruhi a’zolarining tergov jarayoni bilan bog‘liq hisobotlarini eshitib, ularga tergov harakatlarini har tomonlama to‘la va holisona o‘tkazish bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar bergan.

Mazkur jinoyat ishining tergov jarayoni Bosh prokuror tomonidan alohida nazoratga olingan.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotining oxirgi 10 kunlik taomnoma bo‘yicha bolalarga tarqatilgan va gumon qilingan oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olinib, Toshkent viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi qoshidagi laboratoriyaga tekshirish uchun yuborilgan hamda sudga oid oziq-ovqat mahsulotlari ekspertizasi tayinlangan.

Mazkur tekshiruv jarayonlari muayyan vaqtni talab qilishi va tahlil natijalari bo‘yicha zaharlanish sabablariga aniqlik kiritilishi inobatga olinib, yana boshqa oqibatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida tekshiruv xulosalarini olgunga qadar gumon qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatishni vaqtincha to‘xtatib turish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga ko‘rsatmalar berilgan.

Bulardan tashqari, Bosh prokuror tomonidan tuman Tibbiyot birlashmasida tibbiyot, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, maktabgacha ta’limni boshqarish va boshqa mutasaddi idoralar mas’ul xodimlari bilan ushbu hodisaning kelib chiqish sabablarini aniqlash va kelgusida bunday noxush holatlarning oldini olish chora-tadbirlarini belgilash bo‘yicha suhbat o‘tkazildi va tegishli ko‘rsatmalar berib o‘tildi.

Aniqlanishicha, 5-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida 138 nafar tarbiyalanuvchilar ro‘yxat asosida qamrab olingan bo‘lib, kasallanishning dastlabki holati aniqlanganidan keyin zudlik bilan tor doiradagi (infeksionist, lor, okulist, nevropatolog) shifokorlardan iborat guruh tuzilib, 10 avgust kuni bog‘chaga kelgan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Shuningdek, bog‘chaga kelmagan boshqa tarbiyalanuvchilar esa, patronaj guruhlari jalb qilingan holda, uylariga borilgan holda ko‘rikdan o‘tkazilgan va nazoratga olingan.

Tibbiy ko‘riklar natijalari bo‘yicha kasallikka gumon qilingan bolalar Oqqo‘rg‘on tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga nazorat uchun yotqizilgan.

Jami 32 nafar tarbiyalanuvchilar tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan bo‘lib, ulardan:

  • 16 nafari tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigidan so‘ng qoniqarli ahvolda yashash joyi bo‘yicha tibbiy nazoratga olinib, uylariga ruxsat berilgan;
  • tibbiyot muassasalarida jami 16 nafar tarbiyalanuvchi davolanmoqda, ularning holati dinamikada sog‘aymoqda.

Shular bilan bir qatorda, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi va tashkilotlari, tuman tibbiyot birlashmasi, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi hamda veterinariya bo‘limlari, ta’minotchi korxonalar mutasaddilari kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida tuman prokuraturasi tomonidan rasman ogohlantirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring