Namanganda shifoxonada navbatchi ayolning yuziga «kislota» sepib ketishdi
2021-yil 9-iyul kuni soat 23:22 da, viloyat IIB 102-tizimi operatoriga xabar kelib tushgan.
Qayd etilishicha, Namangan shahar Davlatobod tumanida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan ayol shu kuni soat 22:30 larda xususiy shifoxonada navbatchilik qilib turgan vaqtida, «Murodjon» ismli tanishi u bilan ko‘rishib gaplashib olish maqsadida keladi.
Uni ixtiyoriy ravishda xususiy shifoxonaga olib kirib, o‘zaro gaplashib o‘tirgan vaqtida yigit ayolning bo‘ynidan bo‘g‘ib, undan pul yoki boshqa moddiy qimmatlikdaki buyumlarni berishni talab qilib, yuz qismiga polietilen idishda bo‘lgan suyuqlikni sepib, bo‘ynida bo‘lgan narxi 3.000.000 so‘mlik zanjir, qulog‘ida bo‘lgan narxi 4.500.000 so‘mlik baldoq hamda narxi 4.500.000 so‘mlik «Huawei» rusumli uyali telefon apparatini bosqinchilik yo‘li bilan olib, hodisa joyidan noma’lum tomonga yashirinadi.
RShTYoIM Namangan filialining dastlabki ma’lumotnomasida, ayolni badanida chap ko‘z, og‘iz lab va yuz terisi kuyishi tarzidagi tan jarohatlari borligi ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV JQBB xodimlari, viloyat IIB JQB, va Namangan shahar IIO FMB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv va surishtiruv harakatlari natijasida ushbu jinoyatni Andijon viloyati Baliqchi tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan N.Murodjon sodir etganligi aniqlanib, jabrlanuvchi tomonidan tanib olingan hamda daliliy ashyo — ayollar zanjiri, baldoq va «Huawei» rusumli uyali telefon apparati olingan.
Ushbu holat bo‘yicha Namangan shahar IIO FMB huzuridagi TB tomonidan 2021 yil 10 iyul kuni Jinoyat kodeksining 164-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter