Namanganda shafqatsiz bosqinchilik. Ularni og‘ir jazo kutmoqda
2020-yil 7-iyul kuni soat 04:00 da Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani IIBga xabar kelib tushadi.
Unga ko‘ra, shu kuni soat 03:00 larda «Buramatut» MFY, Yangiobod ko‘chasidagi uylarning biriga 4 nafar noma’lum shaxs yuzlariga ayollar paypog‘ini niqob sifatida kiyib, uyning devor qismini buzish orqali kirishadi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, temir bo‘lagi va oshxona pichog‘i bilan qurollangan bu bosqinchilar xonadonda bo‘lgan uy egasi, uning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlariga hujum qilib, ularning qo‘l va oyoqlarini ip bilan bog‘lab, temir bo‘lagi bilan urib, tan jarohati yetkazishadi. Pul berishni talab qilib, xonadonda bo‘lgan 11.400 AQSh dollari, 100.000.000 so‘m naqd pullarni hamda 61.390.000 so‘mlik turli ko‘rinishdagi tilla buyumlarini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilib, hodisa joyidan noma’lum tomonga yashirinishadi.
Hodisa joyiga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi chiqib, holatni sinchiklab o‘rganib, bir qator izlar va ashyoviy dalillar rasmiylashtirib olingan.
Bu orada sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, uy egasi I.O‘.da badanida peshona suyagining ochiq sinishi, bosh miya to‘qimalarining lat yeyishi ko‘rinishidagi jarohatlar mavjudligi, turmush o‘rtog‘i M.X.da esa peshona va ensa sohasida ezilgan jarohatlar mavjudligi aniqlangan.
Mazkur holat bo‘yicha noma’lum shaxslarga nisbatan 2020-yil 7-iyulda To‘raqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.
Olib borilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni 53 yoshli G‘.Q., 44 yoshli U.Yu., 29 yoshli J.T. va 35 yoshli Sh.T.lar sodir etilganligi aniqlanib, barchasi protsessual tartibda ushlanganlar.
O‘z navbatida G‘.Q.ning yashash manzilidan, tintuv davomida bitmagan xona devorining g‘ishtlari orasida 70.000.000 so‘m pul, 10.000 AQSh dollari hamda yerga ko‘mib qo‘yilgan tilla taqinchoqlar ashyoviy dalil tariqasida xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter