Erkak sobiq turmush o‘rtog‘ini MIB bo‘limida pichoqladi
Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida alimentdan qariyb 12 million so‘m qarzdor erkak sobiq turmush o‘rtog‘ini pichoqladi. Bu haqda Bosh prokuraturaga tayanib «Daryo» xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tumanlararo sudining 2021 yil 20 yanvardagi ijro varaqasiga asosan qarzdor A.O.dan, undiruvchi Sh.A. foydasiga voyaga yetmagan 3 nafar farzandi moddiy ta’minoti uchun daromadidan yarmi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Mazkur ijro varaqasi byuroning Yangiyo‘l shahar bo‘limi ish yurituviga 2021 yil 4 fevralda kelib tushgan.
Ijro hujjati yuzasidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida, qarzdor aliment to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelib, 2021 yil 10 sentyabr holatiga qarzdorligi 11 million 864 ming so‘mni tashkil etgan.
Shu sababli, ijro harakatlari davomida, davlat ijrochisi B.Ismatillayev tomonidan qarzdor O.A.ga aliment to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlagani sababli, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasiga (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) asosan ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etishi haqida ma’lum qilingan.
Shundan so‘ng, 2021 yilning 10 sentyabr kuni MIB Yangiyo‘l shahar bo‘limiga qarzdor O.A. va Sh.A. tashrif buyurgan.
Davlat ijrochisi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida, qarzdor O.A. o‘zi bilan yashirib olib kelgan oshxona pichog‘i bilan kutilmaganda undiruvchi Sh.A.ga tashlanib, uning tanasining qo‘l va yelka qismlariga bir necha tan jarohati yetkazgan.
Davlat ijrochisi B.Ismatillayev va boshqa bo‘lim xodimlarining faol harakatlari bilan fuqaro O.A.ning keyingi agressiv hujumlarini oldini olingan.
Byuroning Yangiyo‘l shahar bo‘limi xodimlari tomonidan voqea haqida Yangiyo‘l shahar IIB xodimlari va tez tibbiy yordam xizmatiga ma’lum qilingan va fuqaro O.A. ichki ishlar xodimlari tomonidan voqea joyidan olib ketilgan.
Tan jarohati olgan fuqaro Sh.A. zudlik bilan tez yordam brigadasi orqali shifoxonaga yetkazilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Yangiyo‘l shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov oldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter