«Maktab direktori ko‘mirxona oldida rasm tushib...» – XTBning g‘alati topshirig‘iga antiqa munosabat bildirildi
Chust tuman xalq ta’limi bo‘limining telegram kanalida maktab direktorlariga antiqa topshiriq berildi.
Topshiriqlarning birida «hurmatli mudirlar, har bir maktab direktori ko‘mirxona oldida rasmga tushib, sizga yuboradi. Siz ushbu guruhga maktab ketma-ketligida yuboring...» deyilsa, ikkinchisida «viloyat hokimligiga fotoalbom topshirish uchun har bir maktabdan 2 nafardan xodimning uyida qishga qilingan kartoshka, sabzi, piyoz, guruch, yog‘ni rasmini olib... iqtisodchilarga tashlab bering» deyiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bu xabar bo‘yicha viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ishchi guruhi tomonidan o‘rganish olib borilgan.
Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati holatni anglashilmovchilik deb baholadi.
«Telegram kanaldagi ta’lim muassasalarining ko‘mirxonasi yonida tushilgan va xonadondagi sabzavotlar rasmini jo‘natish mazmunida yoritilgan xabar yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan berilmagani aniqlandi. Telegram kanalida aks etgan xabar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, yozuvlar tuman xalq ta’limi bo‘limi telegram kanaliga mas’ul shaxs tomonidan anglashilmovchilik sabab ketib qolganligi va bu borada tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri, telegram admini kelgusida haqiqatdan yiroq va noo‘rin xabarlarni joylamasligi yuzasidan jiddiy ogohlantirildi», deyiladi munosabatda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter