Jizzaxda 2 nafar homilador ayol shifokor va hamshira sabab vafot etdi — prokuratura
Jizzax viloyatida ikki nafar homilador ayol shifokor va hamshiraning ma’suliyatsizligi sabab vafot etdi, deya xabar berdi Jizzax viloyati prokuraturasi.
Qayd etilishicha, Baxmal tumani hududida yashovchi homilador E.Z. hamda Z.I. lar 2020 yilda dispanser nazoratiga olingan bo‘lsada, hududga mas’ul patronaj hamshirasi va umumiy amaliyot shifokori tomonidan to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagan. Ularda aniqlangan kasalliklarni o‘z vaqtida davolash choralari ko‘rilmaganligi oqibatida ular 2021 yil aprel oyida Jizzax viloyat perinatal markazida vafot etgan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan mutaxassislarni jalb qilgan holda Baxmal tumanida homilador ayollarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat ahvoli o‘rganilganda, tumanda 2020 yilda 725 nafar homilador ayol kech hisobga olinganligi, 85 nafari umuman skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilmaganligi aniqlangan.
Shuningdek, birlamchi skrining tekshiruvidan o‘tib xavf guruhi aniqlangan homiladorlardan irsiy kasalliklarni aniqlash (PAPP) uchun 2020 yil 6 oyi davomida qon namunalari umuman olinmagan.
Tekshirish yakuni bilan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga taqdimnoma kiritilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter