Farg‘onada shlagbaumni aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan yuk mashinasi haydovchisi halok bo‘ldi
Farg‘ona viloyatida 13 oktyabr kuni GAZ-53 rusumli yuk mashinasi harakatlanayotgan 62-sonli Toshkent–Andijon yo‘lovchi poyezdining teplovoziga borib urilgan.
O‘zbekiston temir yo‘llari axborot xizmati xabariga ko‘ra, hodisa soat 21:40 da Buvayda va Qo‘qon stansiyalari o‘rtasidagi temir yo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, avtomobil haydovchisi tushirilgan shlagbaumni aylanib o‘tib, yo‘l harakati qoidasini buzgan.
To‘qnashuv natijasida yuk mashinasining kabinasi jiddiy zararlangan. Tan-jarohatlari olgan haydovchi voqea joyida vafot etgan.
Ma’lum qilinishicha, lokomotiv va poyezdning birinchi vagoniga ham zarar yetgan. Yo‘lovchilar orasida jarohat olganlar yo‘q.
Zarar ko‘rgan lokomotiv Qo‘qon lokomotiv deposiga yetkazildi. Poyezd manzilga boshqa elektrovoz orqali yetkazib berildi. Hodisa tufayli poyezd 42 daqiqaga kechiktirildi.
Hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa idoralar tergov olib bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter