Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorodagi ko‘p qavatli uyda gaz chaqnashi sabab bir kishi halok bo‘ldi

Buxorodagi ko‘p qavatli uyda gaz chaqnashi sabab bir kishi halok bo‘ldi

Foto: Xabar.uz

Buxorodagi gaz chaqnashida bir kishi halok bo‘ldi

«Tunda sodir bo‘lgan kuchli portlash ko‘pchilikni esankiratdi. Yangi ko‘p qavatli uyga ko‘chib o‘tish uchun ta’mirlash ishlarini boshlaganimizga hali endigina bir-ikki oy ham bo‘lmagan va hali to‘liq ko‘chib ulgurmagan ham edik. «Dom» zirrillab titramadiyu, ammo, portlash ovozidan bolalarim jonholatda chinqirib uyg‘onib, menga yopishishdi. O‘zim ham qo‘rquvdan «dir-dir» titrayman. Alloh asrasin, odamni yomon o‘ylar bosarkan: bir pasda ko‘z oldimdan urush kechayotgan davlatlar o‘tsa deng. «Narigi pod’yedda gaz portlaganga o‘xshaydi»,-turmush o‘rtog‘imning xavotirli gapini eshitib, zudlik bilan bolalarni kiyintirib-kiyintirmay, ko‘chaga otildik»,-deydi Buxoro shahridagi «Namozgoh» mahallasida joylashgan yangi ko‘p qavatli uyda yashovchi ayol.

Joriy yilning 29 oktyabr kuni soat 23:35 larda hali topshirilmagan «dom»ning 5-qavatida sodir bo‘lgan portlash ovozi atrofdagi boshqa ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholini ham xavotirga solgan va odamlar ko‘mak uchun ko‘chaga chiqishgan.

Buxoro viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, shu kuni soat 23:40 da viloyati IIB navbatchisidan shu haqda xabar kelib tushgan. Bildirilishicha, mahalladagi 6/3A-uy, 14-xonadonda gaz va havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Chaqnash natijasida uyning xonalarini ajratuvchi, devor, eshik va romlari zararlangan. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, chaqnash oqibatida 14- xonadonda 1 nafar fuqaro vafot etgan hamda 14-15- xonadonlarda yashovchi 5 nafar fuqarolar turli darajadagi tan jarohati olib, shahar markaziy shifoxonaga olib ketilgan.

Holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib borgan «Xabar.uz»ga o‘zini tanishtirishni istamagan mahalla vakilining so‘ziga ko‘ra, holat sodir bo‘lgan tunda ushbu xonadonda avvaliga faqat vafot etgan bir nafar «kampir»ning bir o‘zi yashab kelganini bildirishga urinishgan. Biroq, to‘liq foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uyda bir nechta oilalar ko‘chib o‘tib, yashab kelishayotganiga aniqlik kiritilgan.

«Namozgoh» mahallasi hududida qadr rostlagan ushbu ko‘p qavatli uy quruvchisi ilgariroq fuqarolar yig‘ini raisidan «dom» uchun raqam so‘ragan. Biroq, mahalla raisi bu ko‘p qavatli uyda fuqarolar uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilib, turli tashkilotlar tomonidan to‘liq foydalanishga ruxsatdan berilgachgina, bu masalani birinchilardan bo‘lib ado etishini bildirgan. Afsuski, quruvchi shu hududga tegishli bo‘lmagan mahalla tomonidan taqdim etilgan hujjat asosida «dom raqami»ga ega bo‘lgan.

«Namozgoh» MFY raisi Dilnoz Mo‘minovaning aytishicha, gaz chaqnashi ro‘y bergan xonadon egalari aslida bu manzilda avvaldan yashab kelishmagan. Holat sodir bo‘lgan kuni bir-ikki uy jihozlarini ko‘chirib olib kelishgan bo‘lgan. Kechgi paytgacha Buxoro shahrining diqqatga molik joylarini ziyorat qilishgan. Va bir kecha yangi xonadonda qolishni maslahatlashishgan.

«Biz bu oilaning ko‘chib kelishganidan xabarsiz edik. Qo‘ldan kelguncha ta’mir qilishib, bir-ikki jihozlarini ko‘chirib olib kelishgan ekan. Bir xonali uy egasi bo‘lgan er va xotin ertasi kuni tong saharda Rossiya Federatsiyasiga jo‘nab ketishi kerakligi uchun ikki nafar farzandini qoldirish maqsadida 65 yoshli ayol (erkakning onasi)ni ham olib kelgan bo‘lishgan. Afsuski, tunda gaz va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida 65 yoshli ayol bosh qismidan og‘ir jarohatlanib, voqea joyida halok bo‘lgan. Sodir bo‘lgan holat qo‘shni devor ortida yashovchi 2 xonali uyga ham, uy sohiblarining salomatligiga ham ziyon yetkazgan. Bolalar ham turli darajadagi kuyish jarohatini olishgan. Gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmaganining oqibati shunday ko‘ngilsizlikni keltirib chiqargan. Fuqarolardan gaz hidi sezilgan paytda chiroqlarni yoqmasdan, uy havosini tozalashlari kerakligini juda-juda so‘rab qolardik»,-deydi Dilnoz Mo‘minova.

Mahallada hali shu taxlitdagi ro‘yxatga kiritilmagan yana bir nechta qurilishi tugallanmagan va «vvod» bo‘lmagan «dom»lar bo‘lib, ularda ham bir nechta fuqarolar yashab kelishmoqda. Ayni paytda esa mahallada ro‘yxatga kiritilgan va tartib raqamiga ega 39 ta ko‘p qavatli uy bo‘lib, 6200 nafar aholisi yashaydi.

Talofat yetgan ushbu ko‘p qavatli uyga ko‘chib kelganiga bir necha oy bo‘lgan fuqarolarning «Xabar.uz» muxbiriga bildirishicha, Uy juda ham baquvvat va mustahkam qurilgan.

«Gaz isi chiqishi va xonadon egasining o‘zi sezmagan holda chiroqni yoqishi oqibatida sodir bo‘lgan portlash 5-qavatdagi 3 ta xonadonga talofat yetkazdi. Uyning xonalarini ajratuvchi devor, eshik va romlari zararlandi. Ammo, pod’yezdga yoxud tashqi devorlarga mutlaqo ziyon yetkazmagan. Portlash oqibatida kuchli zarb bilan uchib ketgan akfa derazalariyu pena bloklar shundoq qarama-qarshi tomondagi boshqa bir yangi uyning ham yon devoriga juda qattiq zarb bilan urildi. Ammo, devorlar ham, ustunlar ham zarracha ziyon ko‘rmagan. «Dom» titramadi ham, hatto. Bu bilan aytmoqchi bo‘lganim: qo‘ni-qo‘shnilar, biz, berilgan imkoniyatlardan, zamonaviy qurilmalardan to‘g‘ri foydalana olishimiz kerak. Yo‘qsa, ham o‘zimizga, ham oilamizga katta talofat yetkazamiz»,-deydi fuqaro.

«Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti filiali mutaxassisining aytishicha, yangi ko‘p qavatli uylarning barcha xonadonida zamonaviy ikki konturli kotyollar ulangan. Ushbu kotyollar noto‘g‘ri emas, to‘g‘ri o‘rnatilgan. Faqat fuqaro ushbu qurilmadan to‘g‘ri foydalana olmagan.

«Xavflilik darajasini har bir fuqaro ham biladi, lekin, negadir, undan to‘g‘ri foydalanish qoidalariga rioya qilishma ydi. Hech bo‘lmasa, ushbu qurilmadan qanday foydalanish lozimligi haqida so‘rashga ham kezi kelganda erinishadi. Bu zamonaviy qurilma xavfsizlik tizimiga ega, gaz isi chiqqanda, o‘z-o‘zidan avtomatik tarzda o‘chadi. Uy egasi boshqarish imkoniga ega. Yana shuni aytib o‘tishim kerakki, Uy «vvod» bo‘lgunicha, barcha tarmoqlar, ya’ni, gaz, elektr energiya, suv quvurlari soz holatga keltiradi. Bu yerda shunday bo‘lgan ham: kotyollar dastyorlanib, gaz quvurlari o‘tkazilgan, ammo, bu hali fuqaroga foydalanishi uchun ruxsat berildi, degani emas»,-deydi filial mutaxassisi.

Ko‘ngilsiz hodisa sabab mazkur 60 ta xonadonga ega 4 pod’yezdli, 5 qavatdan iborat ko‘p qavatli Uyga kirish eshiklari barchasi «muhrlangan». Ayni paytda holat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.

«Shu sabab birorta fuqaroning ichkariga kirishiga, yoxud o‘ziga tegishli bo‘lgan xonadonda ta’mirlash ishlarini olib borishiga ham ruxsat etilmaydi»,-deydi ichki ishlar idoralari xodimi.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring