Buxoroda universitet talabasi jinoyat sodir etdi

Buxoro davlat universiteti talabasi noqonuniy operatsiya orqali o‘zganing plastik kartasidagi mablag‘ni o‘zlashtirib, firibgarlik jinoyatini sodir qildi.
Bu haqda «Xabar.uz» ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, noma’lum shaxs G‘ijduvon tumani «Tavariyon» qishlog‘ida yashovchi 35 yoshli ayol S.R.ning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini «Besh tashabbus» ko‘rik-tanlovi hakamlar hay’ati rahbari, deb tanishtirgan. Ayoldan kerakli ma’lumotlarni olgan va uning telefon raqamiga ko‘rik-tanlovning maxsus kodi kelishi, ushbu kod raqamini o‘ziga bildirishini so‘ragan.
S.R. hayal o‘tmay, telefon raqamiga «sms» orqali kelgan kod raqamini notanish kishiga jo‘natgan. Bir necha daqiqalardan so‘ng S.R.ning qo‘l telefoniga shaxsiy plastik kartasidan 3 million so‘m pullarning yechib olingani haqida «sms» xabar kelgan.
S.R. zudlik bilan holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limiga bildirgan. Ichki ishlar xodimlari tomonidan tezkor guruh shakllantirilib, surishtiruv ishlari boshlangan.
«Mazkur holat joriy yilning oktyabr oyidan sodir etilgan. Tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Olib borilgan tezkor-texnik va surishtiruv-tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumanida yashovchi 23 yoshli, Buxoro davlat universiteti talabasi Sh.H. sodir qilgani aniqlandi. Aniqlangunga qadar ikki oycha vaqt o‘tdi. Fuqarolarimizdan hushyorlikni so‘rab qolamiz. Virtual olamdagi kiber jinoyatlarning turi ham, ko‘lami ham oshib bormoqda. Qimor va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlaru aldovlar qurboniga aylanib qolmang», — dedi Shuhrat Jalolov.
Ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning mos davriga qadar viloyatda bunday turdagi jinoyatlar soni 129 tani tashkil etmoqda. Ularning faqat 59 tasi ochiqlangan. Qolgan 70 ta jinoyat egasi mavhumligicha qolmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter