Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bloger Abduqodir Mo‘minov tergov vaqtida qiynab o‘ldirilgani bo‘yicha xabarlar izohlandi

Bloger Abduqodir Mo‘minov tergov vaqtida qiynab o‘ldirilgani bo‘yicha xabarlar izohlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jinoyat kodeksining ikki moddasidagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, bir necha hafta avval hibsga olingan bloger Abduqodir Mo‘minovning tergov vaqtida qiynab o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, Abduqodir Mo‘minovning vafoti haqidagi xabarlar feyk.

«Mazkur xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. A.Mo‘minov tirik va sog‘lom», — deydi u.

Ta’kidlash joizki, Mo‘minov shu yilning 8-fevral kuni fuqaro E.Z. ariza bilan qo‘lga olingandi. Toshkent shahar IIBB izohiga ko‘ra, A.Mo‘minov 2021-yilning oktyabr oyida tanqidiy videolavhalar tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali fuqaro E.Z.ning ukasi D.Yu.ning nomiga rasmiylashtirilgan MChJ bilan bog‘liq holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB Tergov bo‘limi ish yurituvidagi jinoyat ishini ijobiy hal etishga IIB xodimlarini go‘yoki majbur qila olishini aytib, shu orqali E.Z.ning ishonchiga kirib, o‘zining xizmatlari uchun jami 10.000 (o‘n ming) AQSh dollarini so‘rab, shundan 3.800 (uch ming) AQSh dollarini oldindan olgan.

Lekin u bergan va’dasini bajarmay, olgan pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Bundan tashqari, 2021-yilning oktyabr oyida A.Mo‘minov Jizzax viloyatida fuqaro A.T. bilan uchrashib, uning rahbarligi ostidagi tashkilot to‘g‘risida salbiy yo‘sinda videolavha tayyorlaganini, ushbu materialni o‘zining «Ko‘zgu» nomli ijtimoiy tarmoq sahifasi orqali tarqatadigan bo‘lsa, tashkilot rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olinishini aytib, A.T.ni o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib, A.T.dan ushbu ma’lumotlarni sir saqlashi uchun 70.000 AQSh dollari so‘ragan.

Fuqaro A.T. o‘z ko‘rsatuvlarining tasdig‘i sifatida A.Mo‘minov bilan o‘rtasidagi so‘zlashuvlar audio yozuvini taqdim etgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.

Mazkur holatlar yuzasidan A.Mo‘minovga nisbatan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik»), 165-moddasi («Tovlamachilik») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bloger protsessual tartibda ushlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring