Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Beo‘xshov qiliqlar bilan tasvirga tushgan qiz videosidan kattalar «qurol» sifatida foydalangani aytilmoqda

Beo‘xshov qiliqlar bilan tasvirga tushgan qiz videosidan kattalar «qurol» sifatida foydalangani aytilmoqda

Foto: Xabar.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda «Aytishlaricha, videodagi ayol Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanidagi 4-maktab psixologi ekan. Maktab psixologining ahvoli shu bo‘lsa, maktabni ahvoli qanaqa ekan?!» sarlavhasi ostidagi video aslida qanday maqsadda tarqatilgan?! O‘zaro kelishmovchiligi bo‘lgan o‘qituvchilar ushbu videodan «qurol» sifatida foydalangani bildirilmoqda, deya ma’lum qilmoqda «Xabar.uz» muxbiri.

Ushbu videoda spirtli ichimlik shishasini olib, xorijiy musiqa kuylagancha beo‘xshov qiliqlar qilgan qiz tasvirga olingan. «Xabar.uz» muxbirining aniqlik kiritishicha, holat 2020 yilda Qorako‘l tumanidagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi tomonidan yuzaga keltirilgan.

«Xabar.uz» muxbiri Qorako‘l tumanidagi «Tinchlik» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan ushbu maktabda bo‘lib, o‘rganish olib borgan. Qiz bilan suhbatda bo‘lgan.

«Bundan ikki yilcha oldin xorij kliplaridan birini kuylab, unga hamohang harakatlarni ijro etishga urinib ko‘rdim. Oilaviy tadbirlardan biridan keyin o‘zimizning uyimizda opam tasvirga olgan edi. Ertasiga maktabga darsga bordim. Ingliz tili fanini chuqur o‘zlashtirayotganim uchun sinfdoshlarim mening qo‘l telefonimdan ko‘proq foydalanishardi. Shunda bir o‘g‘il bola sinfdoshim foydalanish uchun oldi va men uning shaxsiy «galareyam»dagi videotasvirni o‘zlashtirib olganidan xabardor emasdim»,—deb yig‘lab yubordi qiz.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchi qizning qo‘l telefonini olgan sinfdosh bola uni o‘z telefoniga so‘roqsiz o‘tkazib olgan va boshqa tengdoshlariga ham tarqatgan. Oradan ko‘p o‘tmay, mazkur videotasvir maktab o‘qituvchilariga ham tarqalib ketgan.

«Men maktabda psixolog bo‘lib ishlayman. Ijtimoiy tarmoqlarda «Qorako‘l tumanidagi 4-maktab psixologi ekan. Maktab psixologining ahvoli shu bo‘lsa, maktabni ahvoli qanaqa ekan», degan talqinda tarqaldi. Lekin u menmas, u – o‘quvchi qiz. Ammo o‘quvchi tarbiyasiz emas, odobli, axloqli. Sinfdoshlari o‘rtasida ham bilimi yuqori, «besh» baholarda o‘qiydi. Bu videotasvir esa, bevosita men bilan kelishmovchilikka borgan va o‘rtamiz nizoli bo‘lgan Laylo Saxatova ismli sobiq o‘qituvchi tomonidan tarqatilgan. U o‘zining ishdan bo‘shab ketishi sababini mendan bilib, shubhalanib yuribdi. Uning birgina shubhasi bilan bir o‘smir qizning ikki yil ilgarigi o‘z xonadonida olingan videotasviri ommaga tarqalib ketgan»,—deydi maktab psixologi Hojar Qutliyeva.

2022-2023 yilning o‘quv davrida bor-yo‘g‘i, 4 oycha o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha maktab direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelib, so‘ng ishdan bo‘shatilgan Laylo Saxatova esa ushbu videotasvirni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatmaganini, bundan unga hech qanday naf yo‘qligini, maktab psixologi unga tuhmat qilayotganini bildirgan.

«O‘smir qizning sha’niga putur yetkazuvchi videotasvirning kim tomonidan tarqatilgani bilan bog‘liq holatga oydinlik kiritish maqsadida ichki ishlar idoralari tomonidan harakatlar olib borilmoqda. Biroq, bizni o‘ylantirayotgani ta’lim muassasasi o‘qituvchilari o‘rtasida ichki muhitning buzilgani, guruhbozlik shakllangani. Muhit buzilgan joyda o‘quvchi qizdan «qurol» sifatida foydalanilgani esa eng xunuk, kechirib bo‘lmas holat. O‘quv yili yakuniga ko‘ra, barcha kadrlar masalasi ko‘rib chiqiladi va maktabda sog‘lom muhit yaratish uchun barcha chora-tadbirlar belgilanadi»,— deydi Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonov.

O‘quvchi qizning sinf rahbari Zebuniso Abdiyevaning aytishicha, qiz turli harakatlar bilan ijro etgan qo‘shiq mazmunida «Seni sevaman, sendan boshqa sevgilim yo‘q» degan ma’no mujassam bo‘lgan.

«O‘quvchim sinfdagi bilimli, tarbiyali qizlardan. U shunchaki xorij klipiga hamohang o‘zi bilmagan va tushunmagan harakatlarni takrorlagan. Ha, aytmoqchi, u spirt shishasidan may emas, koka-kola ichgan. O‘zining hatti-harakatlari nima ekaniniyam tushunmagan. Biroq, o‘quvchimning videotasviridan yoshi kattalarning shaxsiy nizo sabab bir-biriga ziyon yetkazmoqchi bo‘lgani juda xunuk manzara. Men buni umuman oqlamayman. Va o‘quvchi qiz sha’niga putur yetkazganlar qonun oldida javob berishi kerak»,—deydi kuyinib sinf rahbari.

«Xabar.uz» muxbiri maktab psixologi bilan suhbatda undan 500 dan ortiq o‘quvchi tahsil olayotgan maktabda bolalar bilan qanday psixologik suhbatlar olib borgani, bu borada bajarilgan ishlar va ularning natijasi bilan bog‘liq ma’lumotlar haqida so‘ragan. Biroq, Hojar Qutliyeva o‘z faoliyatiga doir ish hujjatlarni olib kelish vaji bilan chiqib ketib, qaytib kelmagan. Va muxbir bilan telefon orqali suhbatda qon bosimining oshib, uyiga ketganini bildirgan.

O‘zini tanishtirishni istamagan maktab o‘qituvchilaridan biri esa maktab psixologi bolalar bilan deyarli, ishlamasligini, o‘quvchi qiz o‘qituvchilar o‘rtasidagi guruhbozlik sabab yomonotliq bo‘lganini bildirgan.

«Xabar.uz» muxbirining aniqlik kiritishicha, maktab psixologi bundan bir necha yil ilgari O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 25-, 168-moddaning 1-qismi, 227-moddaning 1-qismi, 228-moddaning 1- hamda 3-qismlari bilan ayblangan.

«Yoshi kattalarning o‘zaro mojarosiga «qurol» bo‘lib olgan, o‘smir qiz sha’niga putur yetkazuvchchi mazkur holatni batafsil o‘rganib chiqish maqsadida tegishli soha vakillaridan iborat tarkibda alohida ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruhining o‘rganish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi. Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan vaziyatga aniqlik kiritilguniga qadar videodagi holatni turlicha talqin qilmasliklarini so‘rab qolamiz»,—deydi Farrux Qurbonov.

Ma’lumot o‘rnida: Ayni paytda o‘quvchi qizning ruhiy holati, tushkunlikka tushib, turli ta’sirlarga berilmasligi uchun tajribali psixologlar jalb qilingan. Oilasi va yaqinlarining, maktab jamoasining e’tiborida.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbarining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan surishtiruv ishlari boshlangan. O‘quvchi qizning qadr-qimmati, sha’niga putur yetkazishga sabab bo‘lgan shaxslarga nisbatan tegishli qonunlarga ko‘ra, jazo choralari qo‘llaniladi.

Laylo Hayitova

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring