Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayanchli YTHda haydovchi va uning otasi halok bo‘ldi

Ayanchli YTHda haydovchi va uning otasi halok bo‘ldi

Foto: Daryo

Navoiy viloyati Konimex tumanida Cobalt va yuk mashinasi ishtirokida ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar qilmoqda viloyat YHXB matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2021 yil 27 iyun kuni soat 14:30 larda Konimex tumani hududidan o‘tgan A-379 Navoiy—Uchquduq—Zarafshon xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lida 1966 yilda tug‘ilgan, Zarafshon shahrida yashovchi fuqaro O‘.Q. o‘ziga tegishli bo‘lgan Cobalt rusumli avtomashinasini Toshkent—Zarafshon yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib borib, ushbu yo‘lning 94—95-kilometrlari oralig‘iga kelgan vaqtida charchoq oqibatida rulda uxlab qolgan.

Oqibatda rul boshqaruvini yo‘qotgan haydovchi o‘zining yo‘nalishi bo‘yicha qarama-qarshi yo‘ldan harakatlanib kelayotgan 1995 yilda tug‘ilgan, Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro A.K. boshqaruvida bo‘lgan Navoiy shahrida joylashgan «Berejlivost» MChJga tegishli HOWO Sinotroc rusumli maxsus (chiqindi tashuvchi) avtomashina bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Hodisa oqibatida Cobalt haydovchisi O‘.Q. va avtomashina old o‘rindig‘ida yo‘lovchi sifatida ketayotgan haydovchining otasi, nafaqaxo‘r R.Q. olgan og‘ir tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.

Cobalt orqa o‘rindig‘ida yo‘lovchi sifatida ketayotgan haydovchining turmush o‘rtog‘i Z.Sh. tan jarohati olib, Konimex tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Konimex tuman IIB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring