Advokat: «Maqsad insonlarni qo‘rquv ostida ushlab turishmi?..»
![Advokat: «Maqsad insonlarni qo‘rquv ostida ushlab turishmi?..»](https://static.xabaruz.com/crop/1/7/720_460_95_1707371416.jpg)
Advokat Abdumalik Abdullayev ommaviy axborot vositalari va matbuot xizmatlari tomonidan sudlar tayinlagan jazoga urg‘u berish holati kuzatilayotganiga e’tibor qaratdi.
«Oxirgi paytlarda odil sudlovda «jazoning muqarrarligi»da ishlashga undovchi xato yondashuvga tez-tez duch kelmoqdamiz. «Jazo berildi», «jazo muqarrar», «jazo muqarrarligi ta’minlandi» kabi so‘zlarni eshityapmiz. Sudlarga tegishli matbuotlarda, muayyan sud ishining faqatgina hukm o‘qish jarayonlaridan lavhalar taqdim etilib, «Falon modda bilan faloncha yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo muqarrarligi ta’minlandi», degan qisqa axborotlar berib borilmoqda. To‘g‘ri, muayyan huquqqa xilof qilmish va uning jazosi haqida ma’lumot berilishi yaxshi. Lekin, nima sababdan faqat jazolanganigagina urg‘u qaratilaveradi? Bundan maqsad nima? Yo tegishli axborot saytlari bilan shunday kelishuvlar bormi? Yoki insonlarni faqat qo‘rquv ostida ushlab turishmi maqsad?» – deb yozdi A.Abdullayev Telegramdagi sahifasida.
Advokatning fikricha, sud jarayonlarini efirlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatib borilishi deyarli yo‘lga qo‘yilmagan jamiyatda faqat «jazolandi», «qamaldi» kabi so‘zlarning yangrayverishi faqat va faqat qo‘rquv solish, vahima uyg‘otish yo‘li bilan tiyib turishga urinishdan boshqa narsa emas va bu noto‘g‘ri uslubdir.
«Qonun ustuvorligiga jazoni muqarrar deb bilish bilangina erishib bo‘lmaydi, nazarimizda. Qonunchilik jazoning muqarrarligini emas, balki javobgarlikning muqarrarligini ilgari suradi. Bular farqli tushunchalar ekanini yuridik ong egalari yaxshi biladilar. Javobgarlikning muqarrarligi qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shartligini anglatadi. Lekin, albatta, har doim ham jazo qo‘llanishi shartligini anglatmaydi. Chunki kodeksning bir qator moddalarida javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish masalalari ham bor. Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar esa endi bu boshqa mavzu», – deb yozdi advokat.
Unga ko‘ra, jazo muqarrarligi haqida surunkali bong uraverilishi odil sudlov faoliyatiga faqat xalal bermoqda.
«Ya’ni, sudlar kodeksdagi jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilishga oid qoidalarni qo‘llashni (albatta, bunga asoslar mavjud bo‘lganida) unutib qo‘yayotgandek. Yoxud «olib qo‘yibdi», «berib qo‘yibdi» kabi mishmishlardan xoli bo‘lishni xohlash odillik va insonparvarlik prinsiplarini amalda to‘laqonli ishlatilishiga to‘siq bo‘lib qolmoqda. Va afsuski, oqibatda jazolash sindromi vujudga kelib qoldi», – deya mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan huquqshunos.
U Oliy sud statistikasida ham javobgarlik va jazodan ozod etish bilan bog‘liq ma’lumotlar berilmasligini qayd etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Bektemir tumani sudining 2024 yil 26 dekabrdagi hukmi bilan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi turnaqator navbatlarni tanqid qilgan G‘ayrat Do‘stov 15 sutkaga qamalgan edi. Jamoatchilik e’tirozi ortidan sud dastlabki instansiya qarorini qisman bekor qilib, Do‘stovga tayinlangan 15 sutka qamoq jazosini 8 sutkaga o‘zgartirgandi.
Advokat Abdumalik Abdullayev ushbu hodisani ham esga olib o‘tgan.
«O‘z navbatida, G‘ayrat Do‘stov keysi jamoatchilikka ko‘p narsalarni yuzaga chiqarib berdi. Aytmoqchimizki, oliy maqsad tarbiyalash bo‘lishi o‘rniga jazolash bo‘lib qolgan jamiyatda qonunlarga hurmat hissi emas, aksincha, nafrat hissi shakllanaveradi», – deya xulosa qiladi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter