Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sizga nima yetishmaydi? (hajviya)

Sizga nima yetishmaydi? (hajviya)

Sizda ham shunday bo‘ladimi? Gohida menga nimadir yetishmagandek tuyuladi. Nimaligini bilmayman. Lekin o‘sha narsa bo‘lsa, ko‘nglim xotirjam bo‘lishini aniq his qilaman. Bu haqda xotinimga aytdim. 

– Sizga pul yetishmaydi, – dedi bir vaqtlar meni rom etgan, hozir ilonning dumini eslatadigan qoshlarini chimirib. – Bolalar katta bo‘lib qoldi, katta-katta pul topishni o‘ylang.

Kelib-kelib nima yetishmasligini xotinimga aytamanmi? Axir qanday javob berishi ma’lum edi-ku! Bila turib, so‘rab o‘tiribman-a!

Bo‘yi yetib qolgan o‘g‘limni yonimga chaqirib, shu masaladan gap ochdim.

– Sizga nima yetishmasligini bilmadimu, lekin oyim uyimizga kelin yetishmasligini har kuni aytadilar, – dedi uyalmay-netmay, bez bo‘lib.

Mendan ko‘ra onasiga yon bosishini bila turib, shu tirmizakka ko‘nglimni ochib o‘tiribman-a! Kuyib ketaman. Eh, hozirgi yoshlar! Qayga shoshasan? Oldin institutni tugat. Ikki-uch yil ishla. Yo‘q, ikkinchi ro‘zg‘or xaltasi ham onasining emas, mening bo‘ynimga osilishini bilarmikan bu shoshqaloq? Axir, bizni ota-onalarimiz majburlab uylantirishgan-ku!

Ishxonadagilarim bilan gaplashdim, ularning barchasida maosh yetishmasligi ma’lum bo‘ldi.

Umuman, hammada nimadir yetishmas ekan. Ijodkorga ilhom, xonandaga ovoz, tadbirkorga vaqt, dangasaga dam, o‘qituvchilarga ilgarigi o‘quvchilar va hokazo.

Kechqurun ishdan qaytib, choyxonaga o‘tdim. Mahalla raisi odamlarda qadr yetishmasligidan shikoyat qildi. Odamlar, avvalo, bir-birlarining qadriga yetishlari kerak ekan. Nima uchunligini bilmadim, lekin uni tinglab, ayni haqiqatni aytganini sezib turardim.

Darvoqe, ushbu satrlarni o‘qiyotgan siz... Xo‘sh, ayting-chi, sizga nima yetishmaydi?

Xurshid Nurullayev

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring