Shu desangiz, ukam...(hajviya)
Kaminaning odamlar so‘zlaganda ularning gapirish uslubini tahlil qilish odatim bor. Ko‘pincha e’tiborimni gap boshida ishlatiladigan so‘zga qarataman. Albatta, jumla avvalida keladigan bu iboralar gapning umumiy ma’nosiga ta’sir qilmaydi, faqat gapirgan odamning so‘zlash uslubini belgilaydi. Lekin bu uslub shunchalar rang-barangki, biror tilshunos bu borada bemalol kattaroq ilmiy ish ham qilishi mumkin.
Hech kimga ziyon yetkazmaydigan bu odatimni ish faoliyatimni katta bir muassasaning kichik xodimi bo‘lib yangi boshlagan paytlari payqaganman. O‘shanda yoshi mendan ikki marta katta bo‘lim boshlig‘im xonasiga chaqirib, o‘zining iborasi bilan aytganda, ustozlik qilardi. U yosh mutaxassisga maslahat deb, nasihatga o‘xshash gaplarni shunchalar cho‘zardiki, gapning boshi yodidan ko‘tarilib ketardi.
– Nima deb boshlagan edim gapimni?
– Shu desangiz...
– Shu desangiz, ukam...
Yana tanbeh va kesatiqlar bilan xaspo‘shlangan nasihatlar. Men esa boshlig‘imning har so‘z boshida ishlatadigan «shu desangiz» jumlasini tag‘in qaytadan sanashga tushaman. Chunki gapni nimadan boshlaganini uning esiga solganimda sanoq yodimdan chiqqan bo‘ladi.
«Shu desangiz, sizga o‘xshab ishga yangi kelgan vaqtlarimizda...»
«Shu desangiz, sizlarda fidoyilik yo‘q, biz shunday berilib ishlardikki...»
Yosh mutaxassis bo‘lganim uchunmi yoki tirishqoqligim sababmi, boshqa viloyatdan boshqarmamizga ishga kelgan boshliq o‘rinbosariga meni yordamchi qilib tayinlashdi.
– Sho‘tib, ismingiz nima, uka?
Bir kun o‘tgach, boshliq o‘rinbosarining gap boshida ishlatadigan «sho‘tib» iborasi xodimlar o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Kimdir, bu iborani u «sho‘tib» deb aytadi, desa, kimdir «sho‘ytib» deyishini isbotlamoqchi bo‘ladi. Barcha tortishuv birgina «y» harfi ustida borardi. Boshliq bilan eng ko‘p muloqotda bo‘ladigan mening bu so‘zning aytilishiga e’tibor bermay faqat sanash bilan cheklanganim xodimlar tomonidan qattiq tanqid qilindi.
Ertasi kuni iboraning talaffuziga quloq tutdim. Bu so‘z yangi boshlig‘im tomonidan shunchalar mahorat bilan aytilardiki, iborada «y» harfining bor-yo‘qligi sezilmasdi ham. Natijada ko‘plab xodimlarning xulosasiga asosan, bahsning bir yechimga ega emasligi ma’qullandi va ayrim ashaddiy munozarachilarning e’tirozi e’tiborga olinmay, bu borada ortiq tortishmaslikka kelishdik.
Kishi bir odatga ko‘niksa, undan qutulishi qiyin-yey! Ahvol shu darajaga yetdiki, kim gapirishidan qat’i nazar, avtobusda yonimda so‘zlashib borayotgan begona kishilar bo‘ladimi yoki yig‘ilishda ma’ruza qilayotgan notiqmi, ularning gaplarida ishlatilayotgan bir xil so‘zlarga e’tibor beradigan bo‘lib qoldim.
Bekatda suhbatlashayotgan ikki juvonning suhbati qulog‘imga sizib kiradi.
– Ovsinimga dunyodagi eng ig‘vogar ayolsiz, dedim. Maydagapsiz, dedim. Challarda qaynonam qolib, onangizni xona to‘riga o‘tqazdingiz, dedim. Shu odamgarchilikdanmi, dedim. Erim bitta prostoy ko‘ylakka arzimadimi, dedim. Hammaga narsa qo‘ydingiz, dedim. Bizni ajratdingiz, dedim. Bunaqa qilsangiz yuzko‘rmas bo‘lamiz, dedim.
Avtobus kelib uning gapi uzildi. Lekin men chala eshitgan deydiyoda «dedim» iborasining sakkiz bor qaytarilganini sanadim.
Kechqurun to‘yga aytishgan ekan. To‘yxonaga kirib borsam, mahalla raisi to‘yni ochyapti.
– Aytaylik, bugun ikki yoshning nikoh marosimi. Aytaylik, to‘y hammaniki. Aytaylik, bolalarga nima bor to‘yda? Aytaylik, ularni ham ona tuqqanmi? Aytaylik, qani ularning onasi? Aytaylik, ular bolalarini uyda olib o‘tirsin. Aytaylik, bugun ikki yoshning to‘yi. Aytaylik shu aroqni ichish uchun shishaning ichiga kirib olish shartmi? Aytaylik...
– Aytaylik deb nima deyapti? – so‘rayman yonimda o‘tirgan hamqishlog‘imdan.
– Stoldagi aroqni ichmanglar, deyapti. – javob beradi hamqishlog‘im raisning gapiga e’tibor bermay. – Tavba, dasturxonga qo‘yilgan aroqni qanday ichmaslik mumkin?
Men ertalab barvaqt ishga borishimni o‘ylab, u uzatgan aroqdan bosh tortaman va diqqatimni kelin-kuyovga atalgan tabrik so‘zlariga qarataman.
– Kelin-kuyov Tohir-Zuhrodek, Layli-Majnundek, Romeo-Julettadek bo‘lishsin. Farzandlardan yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan futbol jamoasi tuzishsin.
Aytila-aytila siyqasi chiqib ketgan gaplar! Yonimga qarayman. Aroqdan qizarishga ulgurgan bashara.
– Hech bo‘lmasa bir qult iching.
– Yo‘q, rahmat. – bilmayman nechanchi bor e’tiroz bildiraman.
– Siz bizni hurmat qilmaysiz. Nega hurmat qilmaysiz? To‘g‘risini ayting, bizni hurmat qilasizmi? Yo‘q, hurmat qilmaysiz. Hurmat qilsangiz ichardingiz. Ayting, nega hurmat qilmaysiz?
– Ko‘p gapirma, – uning qarshisida o‘tirgan yoshi kattaroq kishi asabiylashayotganimni sezib unga tanbeh beradi.
– Gapirganim yo‘q. Bir og‘iz ham gapirganim yo‘q.
Ta’bim tirriq bo‘lib o‘rnimdan turaman.
To‘ydan qaytishimni kutib o‘tirgan buvim kayfiyatimni darrov sezdi. Qo‘llarida tutgan arab imlosidagi eski kitobni ko‘rpacha ustiga qo‘yib, meni o‘tirishga taklif etdi.
– Buvi, menga bir narsani tushuntiring. Nega gapirganda gapni avval «qoqindiq» degan so‘z bilan boshlaysiz? Qo‘shnimiz otinbibi esa «aylanay»dan boshlaydi. Otam «uying bug‘doyga to‘lsin», degan gapni kuniga yuz martalab qaytarsa kerak. Gapning po‘stkallasini aytsa bo‘lmaydimi?
Buvim bir ilgichi singan ko‘zoynakni ko‘zlaridan olib, kitob ustiga qo‘yarkan, nasihat qilayotgandek gapiradi.
– Agar hamma bir xil gapirsa, gap qiziqarli chiqmaydi-da! Yaxshi notiqlar gapiga maqol, she’r qo‘shib gapiradi. Sen ma’nosiga e’tiborni qarat. «Qoqindiq» deganim – seni yaxshi ko‘rishimning so‘z bilan ifodasi, bilsang!
Xullas, kamina gaplarning boshida ishlatiladigan iboralar bilan emas, gapning asl ma’nosiga qiziqadigan bo‘ldim. Albatta gapirish uslubi ham e’tibordan chetda qolmasdi. Lekin bu endi mening diqqatimni oldingidek tortmasdi. Aksincha ularga quloq tutib, gapdan oldin keladigan so‘zlar kishining qanchalik aqlliligi, mehribonligi yoki qo‘polligini ko‘rsatib turgandek bo‘lardi. Shunda o‘zim ham gapim boshida ishlatadigan so‘zni qo‘shib odamlarga murojaat qilgim kelardi:
– Ey, baraka topgurlar, qanday gapirgingiz kelsa, shunday gapiringlar. Har xil gap qiziqarli, chiroyli chiqadi. Baraka topgurlar...
Xurshid Nurullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter