Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalistika hangomalari: bir ism ma’nosi

Jurnalistika hangomalari: bir ism ma’nosi

Bir ism g‘avg‘osi

O‘shanda 1974 yilning kuzi, aniqrog‘i, endigina maktabni bitirib, tuman gazetasida ishlayotgan kezlarim edi. Bir safar ilg‘or mexanizator haqida maqola yozish yuzasidan topshiriq oldim. Shunga ko‘ra, yig‘im-terim avjiga chiqqan dalaga bordim, mexanizatorni ish ustida uchratib suhbatlashdim. Hatto, traktorchilikdan xabarim borligi bois, unga qo‘shilib mashinada paxta terdim. Keyin shu asosda lavha yozdim. U gazetaning shanba sonida chop etildi.

Albatta, bu men – boshlovchi jurnalist uchun katta yutuq edi. Ammo quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi. Dushanba kuni ertalab xonada ishlab o‘tirgandim, eshik shahd bilan ochildi-yu, ostonada qahramonim ko‘rindi. U men bilan nomigagina so‘rashdi-da, qo‘qqisdan muddaoga o‘tdi.

– Hov, uka! – dedi ko‘zlarimga qattiq tikilarkan, zardali ohangda. – Men otim Itolmas ekanligini aytgandim, sen nega Yetolmas deb yozding? Xo‘sh, nimaga yetolmas, nimadan quruq qolar ekanman?..

Kutilmagan savoldan avvaliga esankirab qoldim, so‘ngra oldimda turgan gazetaga shosha-pisha ko‘z yugurtirdim. Qarasam, ismi rostdanam Yetolmas yozilibdi. Uni kim, qachon o‘zgartirganini bilolmay, tasodifan xonaga kirgan bo‘lim mudiriga iltijoli boqdim.

– Ha, tinchlikmi? – Bo‘lim mudiri mexanizatorga yuzlandi. Uning dardini eshitgach, masalaga oydinlik kiritdi. – Ayb bu ukamizda emas, – dedi menga ko‘z qirini tashlab. – Aslida sizning ismingiz eskicha va nojoizroq ekan. Shuning uchun gazetaga qo‘l qo‘yishdan oldin muharrir bilan maslahatlashib, sal o‘zgartirdik.

– Nega?!. – Mexanizator battar jahl otiga mindi. – Axir, eskichami-yangichami, yoqimlimi-yoqimsizmi, bu rahmatli ota-onam qo‘ygan ism-ku! Ular mendan oldingi besh farzandi turmagani uchun shunday qarorga kelishgan. Bu bolamiz yashab qolsin, uni Xudo o‘z panohida va yomon ko‘zlardan asrasin, loaqal it ham daxl etolmasin degan ma’noda shunday yo‘l tutishgan. Sizlarga birovning otini buzib yozishga kim huquq bergan? – U bir zum to‘xtab nafas rostlagach, piching aralash so‘zida davom etdi. – Unda, ana, bir hamqishlog‘imning ismi forschada Zarima, o‘zbekchasi – “past, tuban, yomon”, ehtimol, uniyam o‘zgartirib berarsizlar?!.

Xullas, Itolmas aka uzoq tortishdi. Oxiri bizni tavbamizga tayantirib, uzr so‘rattirdi.

Bu voqea men uchun bir umrlik katta saboq bo‘ldi. Shu-shu, mudom odamlar ismini to‘g‘ri va to‘liq yozishga, mazmuniga e’tibor berishga odatlandim. Keyinchalik republika miqyosidagi nufuzli gazetalarda ishlagan chog‘larim aynan shu mavzuda birmuncha chiqishlar qildim. Eng muhimi, ismlarga qiziqqanim sayin barchasi o‘ziga xos teran ma’no-mazmunga va “tarjimai hol”ga egaligini chuqurroq anglay boshladim.

Bobom rahmatlining “vasiyati”

2001 yil ko‘klamida “Xalq so‘zi” – “Narodnoye slovo” gazetalarining o‘sha davrdagi Bosh muharriri Abbosxon Usmonov ajoyib tashabbusga qo‘l urdi: debochasiga tahririyat ijodiy xodimlarining barchasiga bittadan kompyuter olib berdi. So‘ngra soha mutaxassislarini yollab, bir oy davomida bu texnologiyadan qanday foydalanish lozimligini o‘rgatdi.

Tabiiyki, yoshlar kompyuter saboqlarini tez o‘zlashtirib olishdi. Men tengi qirchillama yoshlilarniing ham ko‘p o‘tmay qo‘llari ancha kelishib qoldi. Faqat yillar osha qo‘lyozmalarini yozuv mashinasida ishlovchi ayollarga terdirishga o‘rgangan yoshi ulug‘larga qiyinroq bo‘ldi. Ular hadeganda bu yangilikka ko‘nika olishmadi. Jumladan, 38 yillik boy tajribaga ega, ko‘pchilik uchun ustoz maqomidagi bir oqsoqolimiz ham ancha mushkul ahvolda qoldi. Ammo qarta o‘ynashni kompyuterda ham qoyillatadigan, unga azbaroyi ruju qo‘yganidan ko‘pincha shoshilinch materiallarni ham vaqtida tushirmaydigan, ba’zan tushlikka chiqmaydigan bo‘ldi.

Oxiri ahvol shu darajaga borib yetdiki, Abbosxon aka uning kompyuterini oldirtirib qo‘ydi. Baribir foydasi bo‘lmadi. Endi oqsoqol qo‘li ishdan bo‘shadi deguncha, o‘zi boshqarayotgan bo‘lim xodimlarining kompyuterini egallab olib, “qartavozlik” qiladigan odat chiqardi.

Bir kuni o‘sha xonaga bosh suqsam, oqsoqol har doimgidek a’lo kayfiyatda berilib kompyuter o‘ynayapti. Boshqalar o‘z yumushi bilan band. Faqat kompyuterning egasi – yoshi mendan sal kattaroq “akaxon” burchakdagi stulda qo‘lini qovushtirib, qurolini yo‘qotgan suvoriydek xomush o‘tiribdi. Men “Tinchlikmi?” deganday ko‘z urishtirdim. U “Ko‘rmayapsizmi, har kungi ahvol” degan ma’noda teskari o‘tirgan oqsoqol tomonga jur’atsizgina ishora qildi. Boyaqishning ich-etini mushuk tirnayotganini sezib, avvaliga rahmim keldi, keyin qitmirligim tutdi.

– Mening bobom rahmatli xo‘p ajoyib odam edi, – dedim xonaning o‘rtasida g‘oz turib olgancha, ovozimga tantanavor tus berib. – U 1975 yil 5 fevral kuni ertalab soat o‘ndan o‘n besh daqiqa o‘tganda jon berishi oldidan bir etak nabiralari orasidan shaxsan meni qoshiga chaqirib, bir gap aytgan. Aniqrog‘i, “Bolam, kompyuter bachchag‘arning oldida ko‘p o‘tirma, sog‘lig‘ingga zarar!” degan.

Bu gapimni eshitib, boshqalar miyig‘ida kulib qo‘yishdi. “Akaxon” esa “Qachon?.. Qachon dedingiz?” deya o‘rnidan turib ketdi. Men yana takrorladim:

– 1975 yil 5 fevral kuni ertalab soat o‘ndan o‘n besh daqiqa o‘tganda, qor urib yog‘ayotgan paytda!

– I-ye! – “Akaxon” battar taajjublandi. – Axir u vaqtlarda bunaqa narsalar yo‘q edi-ku?!.

– E, menga qarang, qanaqa ovsarsiz? – O‘zimni achchiqlanganga solib, uning so‘zini cho‘rt kesdim. – O‘sha paytda nima bo‘lgan-bo‘lmaganining hozir nima ahamiyati bor? Muhimi, sizga manovi kompyuteringizni olib bersam bo‘ldimi?..

Ilmoqli gapim oqsoqolga endi borib yetdi, shekilli, to‘satdan o‘rnidan qo‘zg‘aldi-yu, “akaxon”ga “Ana, oling, matohingiz boshingizdan ordona qolsin”, dedi. So‘ngra menga xo‘mrayib, “Bildik, bobongiz ja-a aqlli bo‘lgan ekan!” dedi-da, labiga sigareta qistirgancha, tashqariga chiqib ketdi.

Xonada gur-r etib kulgi ko‘tarildi…

Tepada “surishtiruv”, pastda “urishtiruv”

Jurnalistikada ish kuni, ish haftasi degan gaplar nisbiy tushuncha. Chunki bu kasb egalari uchun vaqt oltindan-da qimmat. Aksariyati kechqurun uyiga borgach, apil-tapil ovqatlanadi-yu, yarim tungacha ijod bilan shug‘ullanadi. Shanba-yakshanba kunlari ham dam olish o‘rniga dolzarb mavzuga bag‘ishlangan yaxshi maqola yozish ilinjida qog‘oz-qalamga oshno tutinadi. Tahririyatdagi ahvol esa ma’lum: ishga erta kelish boru, erta ketish yo‘q!..

Hamon esimda, o‘shanda avji yoz chillasi edi. Soat sakkizdan oshgan, ammo gazetaning ertangi sonini tayyorlash hali nihoyasiga yetmagandi. Shu bois rahbarlar, navbatchilar va musahhihlar o‘z o‘rinlarida edi. Men esa ijodiy xodimlarga ajratilgan hayhotdek zalda tanho o‘zim ishlab o‘tirardim. Bir mahal o‘rtadagi chor tarafi ochiq dahlizdan kotibiyat tomonga o‘tayotgan Abbosxon aka meni ko‘rib, yurishdan to‘xtadi:

– Ha, Abdunabi, bugun navbatchimisiz?

– Yo‘q, – dedim hozirjavoblik bilan, – sizning topshirig‘ingiz bo‘yicha bir haftadan buyon navbatdagi “Jurnalist surishtiruvi”ni yozayotgandim. Hozir shuni davom ettirayapman. Har qalay, hech kim yo‘q, tinchgina. Xayol bo‘linmaydi...

– Hm-m, tushunarli, – Abbosxon aka negadir lablarini qimtib, sirli jilmaydi. – Demak, bugun tepada surishtiruv, pastda urishtiruv ekan-da.

Bu “xushxabar”dan ilkis hushyor tortdim. Chunki boya maosh olayotganimizda kimdir “Bugun bir otamlashamiz. Har kim ataganini chiqaradi. Uchrashuv joyi – pastdagi oshxona, vaqti – ishdan keyin!” deganday bo‘luvdi. Shuni esladimu, oromim yo‘qoldi. Abbosxon aka kotibiyat tomonga burilishi bilanoq kompyuterni o‘chirib, lash-lushlarimni yig‘ishtirdim-da, pastga shoshildim.

Liftning oldiga yetganimda ortimdan tanish ovoz yangradi:

– Hov, afandi, yo‘l bo‘lsin? Yo pastdan “vahiy” keldimi, bunchalar shoshmasangiz...

Men “Yo‘q, uyga ketayapman! Kutilmaganda mehmonlar kelib qolishibdi. Hozirgina keliningiz telefon qilib aytdi!” dedimu, eshigi lang ochilgan liftga o‘zimni urdim.

“Chunonchi” dorisini bilasizmi?

Qaysidir yozda tahririyatimizga amaliyot o‘tash uchun bo‘y-basti kelishgan, qoshu ko‘zlari popukdek ikki nafar talaba qiz keldi. Ularga rahbarlik qilish menga topshirildi. Dastlab ikkalasini gazetamiz yo‘nalishi, tahririyatning ish tartibi, bo‘limlarning vazifalari bilan tanishtirib, maqola yozish va tahrir qilish mahoratidan baholi qudrat saboq berdim. Ammo oradan hech qancha o‘tar-o‘tmas, sezdimki, bu qaqajonlarning kasbimizga qiziqishlari haminqadar. Chamamda, ular jurnalistika fakultetiga adashib kirib qolishganga, amaliyotni ham nomigagina o‘tash uchun kelishganga o‘xshaydi. O‘zlariga qo‘yib bersangiz, ertadan kechgacha kompyuter o‘ynash-u telefonda chaq-chaqlashishdan bo‘shamaydilar.

Shu bois ularni vaqtni behuda o‘tkazmaslikka, ishga mas’uliyat bilan yondoshishga, jilla qursa, jamoamizdagi taniqli qalamkashlar tajribasini o‘rganishga undadim. O‘z navbatida, tanishib chiqib, fikr bildirishlari uchun qo‘llariga bittadan maqola berdim. Qizlar maslahatlarimni to‘g‘ri qabul qilib, o‘qishga kirishdilar.

– Domla, – dedi bir mahal novcharog‘i xayolimni bo‘lib, – “chunonchi” qanaqa dori?

Men uning dabdurustdan bergan savolidan hayron bo‘lib qoldim. Shu asno “chunonchi” asli forscha so‘z bo‘lib, shunday, shunday qilib, shunchalik, shuncha, shu qadar, rosa ma’nolarini anglatishi, grammatik jihatdan so‘zlovchining bayon qilinayotgan fikrga munosabatini, gap kimga tegishliligini, fikrning umumiy bahosini yoki oldingi fikr bilan aloqasini bildiruvchi “darhaqiqat”, “darvoqe”, “haqiqatan”, “menimcha”, “sizningcha”, “aytganday”, “aytgancha”, “albatta”, “shubhasiz”, “so‘zsiz”, “shekilli”, “chog‘i”, “chamasi”, “aftidan”, “ehtimol”, “balki”, “xullas”, “umuman”, “demak”, “nihoyat”, “zero”, “binobarin”, “qisqasi”, “aksincha”, “avvalo”, “avvalambor”, “zotan”, “xususan”, “ayniqsa”, “zora”, “koshki”, “yaxshiyamki”, “xayriyat”, “attang”, “afsus”, “ajabo”, “taajjub”, “ya’ni”, “ehtimol”, “balki” singari gap bo‘laklari bilan sintaktik bog‘lanmagan kirish so‘z vazifasini o‘tashi, uning “jumladan”, “masalan” kabi arabcha muqobillari borligi yodimga tushdi. Shu bois endigina “Chunonchi” – dori nomi emas”, deya gap boshlamoqchiydim, talaba qiz shoshqaloqlik qildi:

– Yo‘q, bu dorining nomi ekan. Ishonmasangiz, mana, ko‘ring, shunaqa deb yozilibdi...

Maqolada “Qon quyuqlashganda uni suyultiruvchi dori vositalari, chunonchi, indapamid, metokard, atoris, kardiomagnil iste’mol qilish tavsiya etiladi” degan jumla bitilgan ekan. Demak, qizi tushmagur gap ma’nosini fahmlamay shoshilinch xulosa chiqargan. Bir niyatim bu ketishda undan jurnalist chiqmasligini aytib, tanbeh bermoqchi ham bo‘ldimu, ammo dugonasining oldida uyaltirgim kelmadi.

– Agar shubhalansangiz, – dedim bosiqlik bilan, – o‘sha so‘z o‘rniga tire qo‘yib qo‘ya qoling.

Shu payt ikkinchi qiz ajablangan ko‘yi suhbatga aralashib:

– I-ya, unda bemorlar bu doridan bexabar qolishadi-ku, domla! – dedi.

“Fotima-Zuhro”larning savodi bunchalar g‘ovlaganiga kulishimni ham, kuyishimni ham bilolmay, birpas jim qoldim. Pirovardida yo‘lini topdim.

– Bo‘lmasa, bunday qilamiz, – dedim jiddiy ohangda. – Hozir sizlar biror kutubxonaga borib, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” hamda “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”dan shu “dori” nomining asl ma’nosini bilib kelasizlar. Keyin uni maqolaga kiritib, gazetada e’lon qilamiz. Qarabsizki, odamlar olamshumul yangilikdan bir zumda voqif bo‘lishadi. Qani, endi shaxdam qadamlar bilan olg‘a!

Gapimdagi pichingni ham, kosa tagidagi nimkosani ham ilg‘amagan qizlar sumkachalarini yelkalariga ilib, kutubxonaga shoshilishdi. Men chuqur xo‘rsinib, ishimga tutindim.

Suyunchi

Kasb bayramimiz arafasida televideniyega suhbatga taklif qilishdi. Bordim. Ko‘rsatuv boshlovchisining sohamizga doir savollariga qurbim yetganicha javob berdim.

Ertasi ertalab muloqotimiz efirga uzatildi. Uni ko‘pchilik hamkasblarimiz ham ko‘rishgan ekan. Ishxonaga kelishim bilanoq tabriklashdi. Ayniqsa, uzoq yillardan buyon yonma-yon xonada birga ishlab kelayotgan, o‘zini sal kattaroq tutadigan bo‘lim muharriri og‘zidan bol tomib gapirdi:

– Ammo-lekin qoyilman, jo‘ra! Barchamizning ko‘nglimizdagi gaplarni ro‘y-rost aytdingiz. Jurnalistikamiz muammolari sabablarini aniq dalillar asosida isbotlab berdingiz. Malades, ofarin sizga!

U qo‘limni qayta-qayta qisib, xonamdan chiqib ketdi. Xuddi shu payt to‘rt oycha burun safimizga qo‘shilgan yosh xodimimiz menga yuzlandi:

– Ustoz, shu akamiz sal ikkiyuzlamachiroqmi deyman?

– Nega? – ajablanib unga tikildim.

– Negaki, boya – siz kelmasingizdan sal oldinroq dahlizda turib olib, mutlaqo teskarisini aytuvdi. “Televizorga chiqish uchun shundan boshqa odam qurib ketganmi? U na Bosh muharrir, na bo‘lim mudiri, bor-yo‘g‘i oddiy muxbir bo‘lsa, butun jurnalistlar nomidan gapirishga qanday haqi bor?” deyayotgan edi. Endi esa...

Bu “xabar”ni eshitib, xafa bo‘lib ketdim. Yo‘q, shusiz ham fe’l-atvorini o‘zim yaxshi biladigan narigi hamkasbimdan emas, uning gapini oqizmay-tomizmay menga yetkazib, suyunchi olmoqchi bo‘lgan yosh xodimimizdan...

Abdunabi Haydarov,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring