JCh-2018. Braziliya ham chiqarib yuborildi. Endi kim favorit?
Rossiya maydonlarida o‘tayotgan Jahon chempionatida mundial oldidan sanalgan favoritlar birin-ketin turnirdan chiqarib yuborildi. Chorak finalning Braziliya – Belgiya uchrashuvida pentakampionlar boshiga ham shu savdo tushdi.
Braziliya butun uchrashuvni hujumkor o‘tkazdi, ammo ko‘plab vaziyatlardan foydalana olmadi. Belgiya esa aksincha, juda samarali o‘ynadi. Dastlab avtogol yevropaliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. So‘ng qarshi hujumlarning birida De Bryuyne ajoyib harakat qildi va hisobni 2-0ga yetkazdi.
Ikkinchi taym ham to‘liq braziliyaliklar hujumi ostida o‘tdi. Yana qator vaziyatlar ko‘kka sovurildi, ayrimlarida esa Tibo Kurtua fantastik o‘yin ko‘rsatdi. Faqat birgina holatda u Renatoning bosh bilan bergan zarbasini o‘tkazib yubordi.
Uchrashuvni yevropalik hakam boshqargani biroz ajablanarli. Chunki maydonda Yevropa va Janubiy Amerika jamoalari to‘p surdi. Odatda bunday vaziyatlarda neytral qit’adan hakam tayinlanadi. Milorad Majichning ayrim qarorlari braziliyaliklarning e’tirozini keltirib chiqarishi aniq.
Belgiya qarshi hujumga tayanib o‘ynadi va o‘z maqsadiga erishdi. Roberto Martines shogirdlari shu tarzda yarim finalga yo‘l oldi. Bu bosqichda ularni Fransiya kutib turibdi.
Turnirning qolgan qismida faqat Yevropa jamoalari o‘yinini ko‘ramiz. Qiziq, endi JChda kim favorit deb o‘ylaysiz?
Braziliya – Belgiya 1:2 (0:2)
Gollar: 0:1 – 13, avtogol Fernandino, 0:2 – 31 de Bryuyne, 1:2 – 76 Renato Augusto.
Braziliya – Alisson, Tiago Silva, Marselo, Fagner, Miranda, Paulino (Renato Augusto, 73), Fernandino, Koutino, Villian (Firmino, 46), Neymar, Gabriel Jezus (Duglas Kosta, 58).
Belgiya – Kurtua, Kompani, Vertongen, Mene, Alderveyreld, Fellayni, Shadli (Vermalen, 83), de Bryuyne, Vitsel, Azar, Lukaku (Tilemans, 87).
Ogohlantirishlar: Alderveyreld (47), Mene (71), Fernandino (85), Fagner (90).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter