Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev og‘riqli muammoga yechimni ko‘rsatdi

Shavkat Mirziyoyev og‘riqli muammoga yechimni ko‘rsatdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat rahbari tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.

– Men sizlar tomoningizdan ko‘tarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois, sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan to‘la xabardorman.

Bugunga qadar eng dolzarb muammolarni tizimlashtirib, ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik.

Birinchi yo‘nalish. Sizlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq.

Jumladan, ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi, va ko‘plab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan.

Haqiqatdan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi.

Shuningdek, banklar tomonidan yillik 8-10 foizdan xorijiy valyutada 18 mingga yaqin tadbirkorlarga berilgan kredit valyuta kursining muntazam o‘sishi hisobiga qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.

Bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish uchun og‘ir yuk bo‘lib turganini ko‘rsatmoqda.

Shu bois, tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishimiz talab etiladi.

Birinchidan, banklarning kapitalini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun, kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida qo‘shimcha 600 million dollar ajratiladi.

Bu mablag‘lar tanlov asosida ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi.

Ikkinchidan, yuqoridagi mablag‘larni jalb qilmoqchi bo‘lgan bankning o‘zi ham tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30 foiz qo‘shimcha resurslar jalb qiladi.

Jumladan, banklar tomonidan kelgusi yili xalqaro moliya bozorlarida 5 trillion so‘mlik milliy valyutada yevrobondlar chiqariladi.

Shuningdek, O‘zbekiston bozorida ishlashga tayyor bo‘lgan, zamonaviy texnologiyalarga ega yirik xorijiy banklarni kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratamiz.

Bu ham, o‘z navbatida, tadbirkorlarimiz uchun qulay sharoitlar taqdim etadi va bank tizimida biz uchun nihoyatda kerak bo‘lgan sog‘lom raqobat paydo bo‘ladi.

Uchinchidan, banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb qilishidan qat’iy nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – so‘mda va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Valyutada kredit olgan va bugun qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarimiz ushbu masalani o‘z murojaatlarida ko‘targanlar.

Shu bois, Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi.

Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablag‘larni so‘mga o‘girib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi.

Lo‘nda qilib aytganda, bundan buyon dollar yoki yevro kursining oshishi tadbirkorga qo‘shimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi.

To‘rtinchidan, bundan buyon Hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablag‘lar hisobidan banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi.

Beshinchidan, joriy yil 1 oktyabrdan boshlab, ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning  jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan, milliy valyutaga o‘tkazib beriladi.

Umuman, yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobiga, tijorat banklarida har yili o‘rtacha 30-40 trillion so‘mlik milliy valyutadagi, uzoq muddatli qo‘shimcha resurslar shakllanadi.

Bular hisobiga, tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan kamida 5 foiz arzon olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Men o‘ylaymanki, bu yangi imkoniyatlar mamlakatimizda tadbirkorlik rivojiga katta turtki beradi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring