«UzAuto» rahbari Andijon viloyatidagi sanoat korxonalariga tashrif buyurdi
«UzAuto» rahbariyatining Andijon viloyatidagi tizim korxonalariga tashrifi davom etmoqda. Joriy yilning mart oyi boshidan davom etayotgan tashrif doirasida, «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzoqov o‘z o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari va Komplayens xizmati vakillari ishtirokida Asaka shahridagi «UzAuto Motors» zavodi va sanoat korxonalarining biznes-rejalari ijrosini kompleks o‘rganmoqda.
Sanoat rahbari tashrifi davomida 30 ga yaqin mahalliylashtirish korxonalari, jumladan, «Uz Koram Ko» MChJ, «Uz-Tong Heung Co» AJ, «O‘z Erae Climate Control» MChJ va boshqa korxonalarda bo‘ldi. Komplayens xizmati bilan hamkorlikda Shavkat Umurzoqov sohadagi har bir korxonada auditorlik tekshiruvini o‘tkazmoqda, xususan, logistika, ta’minot zanjiri (Supply Chain), mahsulot sifatini yaxshilash va biznes-rejalar bajarilishini o‘rganilmoqda.
15 mart kuni «UzAuto Motors»da Shavkat Umurzoqov raisligida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan ishchi yig‘ilishidagi asosiy mavzu 2022 yil uchun budjet va biznes-reja masalalari bo‘ldi. «O‘zavtosanoat» boshqaruv raisi o‘zining qisqa kirish so‘zida bu yilgi biznes-rejada nafaqat belgilangan maqsadlarga erishish, balki 2021 yilda nimalar o‘tkazib yuborilganiga ham jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Joriy yilda butun avtomobilsozlik sanoati va «UzAuto Motors» oldiga aniq maqsad qo‘yildi – avtomobil ishlab chiqarishda maksimal yuqori ko‘rsatkichlarga erishish. Shu bilan birga, yig‘ilishda ta’kidlanganidek, avtomobil ishlab chiqaruvchilarning 2022 yilgi biznes rejasida doimiy o‘zgaruvchan siyosiy-iqtisodiy muhit shuningdek, davom etayotgan logistika va yarimo‘tkazgichlar inqirozi kabi qiyin sharoitlarda sifatni yaxshilash va ishlab chiqarishni optimallashtirish bilan mahsulot qatorini kengaytirish uchun juda katta maqsadlar qo‘yilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter