Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

UzAuto Qozog‘istonda avtomobil ishlab chiqarishni to‘liq siklda tashkil etadi

UzAuto Qozog‘istonda avtomobil ishlab chiqarishni to‘liq siklda tashkil etadi

«O‘zavtosanoat» AJ va Qozog‘istonning Allur kompaniyasi mamlakatda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi. Imzolash marosimi Toshkentda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyarning videomurojaati bilan ochildi. Shuningdek, marosimda O‘zbekistonga UzAuto bilan kelgusidagi hamkorlik va strategik munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish maqsadida tashrif buyurgan GM katta vitse-prezidenti va GM International prezidenti Shilpan Amin ham ishtirok etdi.

Tomonlar imzolangan bitimga ko‘ra kelgusida Allur avtomobil zavodi quvvatlarida Chevrolet Onix avtomobilini yillik ishlab chiqarish hajmi 30 000 donani tashkil etadigan kichik uzelli (CKD) usulida yig‘ish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanliklarini bildirishdi. Loyihani amalga oshirish uchun 50 million dollarga yaqin investitsiyalar jalb qilinadi. Bu Qozog‘istonning ishlab chiqarish salohiyatini kengaytiradi va Qozog‘iston bozorini ham, boshqa potensial eksport bozorlarni ham zamonaviy avtomobillar bilan ta’minlaydi.

Erishilgan kelishuvga ko‘ra, «O‘zavtosanoat» MDH mamlakatlaridagi avtomobil ishlab chiqaruvchilar orasida yetakchi bo‘lib, Allur zavodini muhandislik va texnik ta’minot bilan ta’minlaydi, shuningdek Chevrolet Onix avtomobilini yig‘ish va ishlab chiqarish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatadi.

Tadbir davomida janob Shilpan Amin «UzAuto» kompaniyasi raisi Shavkat Umurzakov rahbarligida direktorlar kengashi raisi Andrey Lavrentev boshchiligidagi «Allur» kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobilsozlik sohasida juda qisqa vaqt ichida Qozog‘iston bozorida yetakchilikni qo‘lga kiritganini ta’kidladi. «Biz shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlariga, Bosh vazir Abdulla Aripov va O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevga, hamda Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Roman Sklyarga Qozog‘istonda Chevrolet brendining yetakchiligiga erishish yo‘lida ko‘rsatgan katta qo‘llab-quvvatlashi va yordami uchun minnatdorchilik bildiramiz», — dedi janob Shilpan Amin.

«O‘zavtosanoat» AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzakov ham o‘z navbatida fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Qozog‘istonda kichik uzelli yig‘ish usuli bilan (CKD) avtomobillarni ishlab chiqarish uchun texnologiya, ekspertlarning bilim va tajribasini uzatishdagi ushbu kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam aloqalar va savdo-sanoat kooperatsiyasi sohasidagi yaqin hamkorlik tufayli amalga oshirildi», — dedi «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruv raisi.

Shuningdek Shavkat Umurzakov O‘zbekistonni MDH avtomobil xabiga aylantirishdagi ko‘magi uchun GM kompaniyasiga minnatdorchilik bildirdi.

«Allur» direktorlar kengashi raisi Andrey Lavrentev tadbir davomida shunday dedi: «O‘zbekiston hukumati, UzAuto va General Motors kompaniyasiga Allur zavodini MDH mamlakatlaridagi GM avtomobilsozlik strategiyasiga integratsiya qilish imkoniyati, shuningdek, Qozog‘istonda Chevrolet avtomobillarini yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy o‘sishga yordam beradi».

Hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli rejada tomonlar bozorlardagi ehtiyojlar va iste’molchilar talabidan kelib chiqib, avtomobil modellarini yangilash va kengaytirish imkoniyatlarini kelishib olishdi. Avtomobilsozlik sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik ikki davlat iqtisodiy taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadi, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirib, eksport bozorlarini yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring