Tadbirkor YHQ buzilishini aniqlagani uchun qancha oladi?

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 21.04.2021 yildagi «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 232-son qaror qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning 7.12.2020 yildagi «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4913-son qarori ijrocini ta’minlash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga xususiy sektorni faol jalb etish maqsadida qabul qilingan.
Ma’lumot uchun! Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida 1.03.2021 yildan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish huquqi berilgan.
Quyidagilar tasdiqlandi:
- Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
- Elektron onlayn-auksionlarga qo‘yish uchun maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari o‘rnatiladigan joylarning minimal qiymatini (boshlang‘ich narxini) belgilash tartibi.
Belgilanishicha, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘rnatilgan maxsus vositalarning texnik ekspluatatsiyasi va uzluksiz ishlashini mustaqil ravishda ta’minlanadi. Elektr energiyasi va aloqa kanallarining xarajatlari qoplanadi.
Maxsus vositalar kelgusida «Xavfsiz shahar» tizimi bilan majburiy integratsiyasi ta’minlangan holda, tadbirkorlik sub’yektlariga mulk huquqi asosida tegishli bo‘ladi.
Tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli maxsus vositalar orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklaridan undirilgan jarima summasini taqsimlashning quyidagi tartibi joriy etiladi:
a) tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli maxsus vositalar ishga tushirilgan kundan boshlab 1 yil davomida:
- 50% – tadbirkorlik sub’yekti hisobvarag‘iga;
- 15% – respublika budjetiga;
- 10% – IIVning budjetdan tashqari jamg‘armasiga;
- 15% – yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun maqsadli yo‘naltirilgan holda YHQ buzilishi qayd etilgan joyning mahalliy budjetiga;
- 5% – DXX huzuridagi «Kiberxavfsizlik markazi» DUKga;
- 5% – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining «Xavfsiz shahar» jamoat tartibiga ko‘maklashish markaziga «Xavfsiz shahar» konsepsiyasini to‘liq joriy etish uchun maqsadli yo‘naltiriladi;
b) tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli maxsus vositalar ishga tushirilganidan 1 yil o‘tgandan so‘ng:
- 25% – tadbirkorlik sub’yekti hisobvarag‘iga;
- 20% – respublika budjetiga;
- 15% – IIVning budjetdan tashqari jamg‘armasiga;
- 25% – yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun maqsadli yo‘naltirilgan holda YHQ buzilishi qayd etilgan joyning mahalliy budjetiga;
- 5% – DXX huzuridagi «Kiberxavfsizlik markazi» DUKga;
- 10% – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining «Xavfsiz shahar» jamoat tartibiga ko‘maklashish markaziga «Xavfsiz shahar» konsepsiyasini to‘liq joriy etish uchun maqsadli yo‘naltiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22.04.2021 yildan kuchga kirdi.
Manba: norma.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter