Surxondaryoda YPX xodimi haydovchiga kuch ishlatgani haqidagi xabarga izoh berildi

Joriy yilning 4-fevral kuni ijtimoiy tarmoqda «Surxondaryoda YPX xodimi haydovchiga kuch ishlatdi» sarlavhasi ostidagi video lavha tarqaldi. Unda aks etgan holat IIV YHXBB tomonidan o‘rganildi.
Qayd etilishicha, voqea ancha avval — 2020-yilning 29-avgust kuni sodir bo‘lgan. Surxondaryo viloyati IIB YHXB YPX xodimlari A.G‘apporov va J.Qo‘lto‘rayevlar belgilangan taqsimot asosida Boysun tumani hududida xizmat olib borgan vaqtida, 4R-105 avtomobil yo‘lining 105-kilometrida «Neksiya» rusumli avtomobil to‘xtatilib tekshirilganda, haydovchining og‘iz bo‘shlig‘idan spirtli ichimlik hidi kelganligi sabab tibbiy tekshiruvga taklif etilgan.
Haydovchi ushbu vaqtda YPX xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, javobgarlikka tortilishi mumkinligini bilib, voqea joyidan qochishga uringan. Ko‘rilgan choralar natijasida haydovchi — 1979-yilda tug‘ilgan N.B. tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va shifokor bergan xulosaga ko‘ra, haydovchining mastlik holati tasdiqlangan.
Yo‘l harakati qoidalarining 9 hamda 12-bandlari talablarini buzganligi bo‘yicha haydovchi N.B.ga nisbatan YPX xodimi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 125-moddasi 1-qismi (haydovchilarning transport vositalarini boshqarishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi) va 131-moddasi 1-qismi (haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyovand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarishi) tartibida ma’muriy bayonnoma tuzilgan va avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Boysun tumani sudi tomonidan fuqaro N.B. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 125-moddasi 1-qismi hamda 131-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga nisbatan 1 (bir) yil 6 (olti) oy muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lish hamda BHMning 8 (sakkiz) baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter