«Raqamlashtirish – yo‘l harakatini boshqarishning eng to‘g‘ri yechimi» — Prezident
Bundan buyon haydovchining intizomiga qarab, uni o‘qitgan avtomaktab faoliyatiga ham baho beriladi. Bu haqda prezident o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Viloyat hokimlari va ichki ishlar boshliqlariga uch oy muddatda hududlarida zamonaviy avtomaktab va imtihon markazlarini tashkil etish topshirildi.
«Raqamlashtirish – yo‘l harakatini boshqarishning eng to‘g‘ri yechimi», — dedi Prezident — «Afsuski, na poytaxtda, na hududlarda raqamlashtirish borasida birorta namuna qilib ko‘rsatadigan joy yo‘q. Borini ham eplab ishlata olmayapti».
Shu bilan birga, Toshkent shahrining 602 ta chorrahasidan 111 tasidagina raqamli boshqaruv mavjud. Boshqa shaharlarda esa bunday tizim umuman yo‘q.
«Harakat xavfsizligini raqamlashtirish bo‘yicha Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yuzaga kelgan muammolarni o‘zim qattiq nazoratga olganimdan keyin hokimlar va ichki ishlar boshliqlari harakatni boshladi.
Ushbu hududlar ichki ishlar boshliqlari 1 iyulgacha keskin o‘zgarish qilmasa, ularga nisbatan qat’iy chora ko‘raman. Boshqa hokimlar ham xulosa qilib, batafsil hisobot beradi», dedi Prezident.
Qayd etilishicha, endi Toshkent shahrida yo‘l harakatini raqamli boshqarish va xavfsizligini ta’minlash tizimi joriy etish to‘liq shahar hokimiyati tasarrufiga o‘tkaziladi.
Yil yakuniga qadar poytaxtning 300 ta chorrahasini, kelgusi yilda esa qolgan 302 tasini raqamli tizimga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
«Sohani raqamlashtirish bilan bog‘liq barcha masalaga shahar mutasaddilari javob beradi va so‘rov ham ulardan bo‘ladi. Axborot texnologiyalari, Ichki ishlar va Transport vazirliklarida ushbu tizimni takrorlovchi yoki ishiga aralashadigan bo‘linmalar bo‘lishi mumkin emas», dedi davlatimiz rahbari.
«Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari hokimlarining yo‘l harakatini raqamli boshqarishni joriy etish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» bilan tanishib chiqdim. Ularda belgilangan tadbirlar faqat qoidabuzarlikning nazorati bilan cheklangani meni mutlaqo qoniqtirmaydi», qo‘shimcha qildi Prezident.
Bir oy muddatda viloyat markazlarida yo‘l harakatini boshqarish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi konsepsiyalarini ishlab chiqish topshirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter