Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qoraqalpog‘istondagi o‘ta abgor yo‘l bo‘yicha qo‘mita munosabat bildirdi

Qoraqalpog‘istondagi o‘ta abgor yo‘l bo‘yicha qo‘mita munosabat bildirdi

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda A-380 «G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu» avtomobil yo‘lining «Qo‘ng‘irot – Karakalpakiya posyolkasi» oralig‘idagi qismi bilan bog‘liq muammo e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Holatga Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur yo‘lning jami uzunligi 240 km.dan iborat bo‘lib, ta’mirtalab qismi – 100 kilometr. U «Jasliq – Karakalpakiya posyolkasi» oralig‘ida joylashgan.

Ushbu yo‘lga qora qoplama yotqizilgan bo‘lib, bir necha yillar davomida yo‘lning ko‘tarish qobiliyatiga nisbatan og‘ir vaznda bo‘lgan avtotransport vositalarining muntazam harakatlanishi oqibatida ta’mirtalab holatga kelib qolgan.

Bugungi kunda o‘rganishlar asosida mazkur holatlar inobatga olinib, avtomobil yo‘lining ta’mirga muhtoj bo‘lgan qismini to‘liq rekonstruksiya qilish bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilingan.

Uning texnik iqtisodiy asoslari – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi «A-380 «G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu» avtomobil yo‘lining 964 – 1204 km (240 km) qismini rekonstruksiya qilish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 5 martda imzolangan 124-sonli qarori bilan tasdiqlandi.

Joriy yilda o‘tkazilgan xalqaro tender natijalariga binoan, Turkiyaning «Polat Yol Yapi San. ve Tic S.A.» kompaniyasi (964 – 1084 km oralig‘i) hamda XXRning «China Road and Bridge Corporation», «CCCC Third Highway Engineering Co. Ltd.» va «Sanmenxia City Changtong Road and Bridge Construction Co., Ltd.» kompaniyalari (1084-1204 km oralig‘i) g‘olib deb topilib, shartnomalar imzolangan.

Qo‘shimcha tarzda shuni ma’lum qilamizki, mazkur loyiha 2021 – 2023 yillar oralig‘ida to‘liq amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Hozirgi kunda loyiha doirasida xalqaro kompaniyalar tomonidan qurilish-montaj ishlarini boshlash bo‘yicha maxsus texnikalar ob’yektga ko‘chirilmoqda. Rejaga ko‘ra, iyun oyidan e’tiboran yo‘lning ta’mirtalab qismida qurilish-montaj ishlari boshlab yuboriladi, deyiladi munosabatda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring